Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi muqaddas qadamjolardan biri – “Poyi Kalon” majmuasi oldida bir yigit va qizning raqs tushgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasida Buxoro viloyati IIB rasmiy maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, video Buxoro shahar IIO FMBda belgilangan tartibda qayd etilib, masʼul xodimlar tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi.
Aniqlanishicha, 2022-yilning iyul oyi oʼrtalarida 2004-yilda Gʼijduvon tumanida tugʼilgan, tumanning “Zarangari” mahallasida roʼyxatda turuvchi, Buxoro shahar A.Somiy koʼchasida vaqtincha ijarada yashovchi Ye.M. ismli ayol oʼzining tanishi 2004-yilda Kogon tumanida tugʼilgan, hozirda Samarqand temir yoʼl texnikumi 1-bosqich talabasi, Kogon tumani “Taraqqiyot” mahallasida yashovchi A.A. ismli yigit bilan Buxoro shahrining tarixiy qismidagi “Poyi Kalon” majmuasiga taxminan soat 05:00 larda kelib, turli beoʼxshov qiliqlar qilgan. Holat “H.” ismli tanishining qoʼl telefoniga videoga olingan hamda oʼtgan yili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, har ikkala fuqaroga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, javobgarlikka tortildi va “H.” ismli fuqaroning shaxsini aniqlash choralari koʼrilmoqda.
Holatni videoga olib ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuborgan H. ning shaxsiga aniqlik kiritilib, qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi.
🇺🇿