Avval bogʻ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi balansida boʻlib, investor topilgunicha yopiq va tashlandiq holda boʻlgan.
Chiqindilarni yigʻish va daraxtlarni sugʻorish bilan bu ishga befarq boʻlmagan koʻngillilar obodonlashtirish boshqarmasi shugʻullangan. Soʻngra bogʻ investorga topshirilayotgani haqida xabar tarqaldi. Lekin hozir bogʻ shahar hokimligiga qaytarildi va uni poytaxt hokimligi tiklaydi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev aholi bilan maslahatlashish, barcha takliflarni toʻplab umumlashtirgan holda bogʻ rekonstruksiyasida qoʻllash topshirigʻini berdi.
5-may kuni Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari – Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasining boshligʻi Furqat Mahmudxoʻjayev va Yakkasaroy tumanining hokimi Anvar Sayfutdinov ishtirokida bogʻ taqdiriga befarq boʻlmagan faol aholi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Yakkasaroy tumani hokimi barchaga oʻz istaklarini bildirishni taklif qildi.
Boʻlajak boqqa nisbatan qoʻyilgan eng koʻp qaytarilgan talablar: muntazam sugʻoriladigan koʻplab daraxtlar va koʻkalamzorlashtirish, velosiped yoʻlaklaridan ajratilgan sayr uchun yoʻlaklar, oʻrindiqlar, favvoralar, sport maydonchalari, qayiqlar mavjud koʻl, skeyt va roliklar uchun hudud, shaxmat, bilyard, kutubxona, bolalar uchun toʻgaraklar, bepul kirish imkoniyati, nogironlar uchun qulay muhit va hokazo.
Soʻzga chiqqanlarning har biri avvallari Bobur va Kirov bogʻida (eski nomi) qanday holat boʻlganini eslashdi, uchrashuv doʻstona xotiralar bilan boʻlishishga aylanib ketdi. Takliflarni toʻplash uchun ijtimoiy tarmoqlarda guruh tashkil qilish hamda takliflarni umumlashtirish uchun besh kishidan iborat tashabbuskor guruhni tuzishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida Furqat Mahmudxoʻjayev barchaga befarq boʻlmaganliklari uchun minnatdorlik bildirib, nizolarni hal qilish yoki biron narsani qutqarish yoki saqlab qolish uchun emas, balki ijobiy bunyodkorlik maqsadida uchrashish yoqimli ekanligini taʼkidladi.
Yangiliklarimizni kuzatib boring, tez kunda boʻlajak “Doʻstlik” bogʻi boʻyicha takliflarni toʻplash va muhokama qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarning manzillarini maʼlum qilamiz.