Poytaxtda aliment undiruviga oid miqdor rekordi yangilandi

    Majburiy ijro byurosining Uchtepa tuman boʻlimida qarzdor ota 2,4 mlrd. soʻm miqdoridagi aliment pullarini oldindan toʻlab berdi

    Sudning buyrugʻiga asosan qarzdor Sh.J. dan undiruvchi Sh.D foydasiga voyaga yetmagan 4 nafar farzandlari taʼminoti uchun ½ qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Uchtepa tuman boʻlimiga kelib tushgan boʻlib, Qonunining 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

    Shuningdek, qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida vakolatli organlarga soʻrovnomalar yuborilgan hamda olingan javob xatlarga koʻra, qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklari aniqlanmagan.

    Oʻtkazilgan ijro harakatlar davomida, qarzdor Sh.J voyaga yetmagan 4 nafar farzandlari taʼminoti uchun to ular voyaga yetguniga qadar oldindan aliment miqdorini hisoblab berishlikni soʻrab ariza bilan murojaat qilgan.

    Shunga koʻra, aliment miqdori qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlarining 50 foizi miqdorida 2025-yil 01-avgust oyidan 01.04.2041-yiliga qadar (16-yillik) hisoblanganda jami 2.442.482.580 soʻm aliment miqdorida vujudga kelgan.

    Olib borilgan ijro harakatlar davomida, qarzdor Sh.J tomonidan jami 2.442.482.580 soʻm miqdorida aliment pullarini uy koʻrinishida undiruvchi Sh.D. ga toʻlab berildi hamda undiruvchining roziligiga asosan ijro hujjati amalda tamomlandi.