Yurtimizda elektromobillarga bo'lgan talab ham, qiziqish ham tobora ortib boryapti. Atrof-muhit uchun mutlaqo zararsiz bo'lgan bu turdagi transport vositalari kamxarjligi bilan ham qator afzalliklarga ega. Joriy yilning 1-fevral kuni poytaxtimizga ana shunday ekologik toza, har tomonlama qulay va zamonaviy elektrobuslar olib kelindi. “ZK6126BEVG” rusumli 20 ta elektrobusning bir qismini “Toshshahartransxizmat” AJning 8-filiali qabul qilib oldi.
Albatta, elektrobusning o'ziga xos imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida biz ham avtosaroyga yo'l oldik. Yo'nalishi belgilangan jamoat transportida allaqachon, 51-sonli “Yunusobod 6 mavze — Beshyog'och dahasi” hamda 81-sonli “Qo'yliq 1 mavzesi — Gulobod ko'chasi” manzillari ko'rsatilgan.
Deyarli shovqinsiz harakatlanayotgan transportning zamonaviy tashqi va ichki dizayni odatiy avtobuslardan farq qiladi. 32 o'rindiqli elektrobusning yo'lovchilarni tashish umumiy hajmi 85 kishidan iborat. Poli past, zinapoyalar va podiumning yo'qligi tufayli yo'lovchilar (shu jumladan, pentsionerlar, aravachalarda harakatlanuvchi yo'lovchilar, alohida ehtiyojli kishilar) salon bo'yicha erkin harakatlana oladi. Imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilgan maxsus o'rindiqlar esa alohida rang va belgilar bilan ajratilgan. Nogironlar chiqishi uchun zarur ko'targichlar ham bor. Ichki salon videokuzatuv kamerasi, avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.
— Elektrobuslar Xitoy davlatining “Yutong Bus so., Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, — deydi 8-avtosaroy rahbari Bekzod Ibragimov. — Bu yurtimizga keltirilgan ilk elektrobuslar emas. Bundan oldin Belorus, Xitoyning bir nechta kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr quvvatida ishlaydigan avtobuslarni sinovdan o'tkazdik. Marshutlar kesimida yurgazib, bir necha oy davomida tekshirdik. Jarayonda ularning ayrimlarida shovqini balandligi, quvvati belgilangan masofaga etmasligi, o'rindiqlari plastmassadan ishlangani aniqlanib, bu kamchiliklar bizga ma'qul kelmadi. So'nggi xulosalarga ko'ra, hozirgi “ZK6126BEVG” rusumli elektrobuslar tanlanib, kompaniya bilan shartnoma imzolandi. Yuqoridagi jihatlar borasida bu variant ancha afzalliklarga ega.
Elektrobuslar 4 soat davomida oladigan to'liq quvvati bilan 300-320 kilometr masofani bosib o'tadi. Ya'ni, olingan quvvat ertalabdan kechgacha etadi. Zaryad 12 foiz qolganida, avtobus avtomatik tarzda yurishdan to'xtaydi — shu orqali quvvatlantirish zarurligini bildiradi. Uning aniq ko'rsatkichlari va boshqa barcha ma'lumotlar esa sensorli ekranda ko'rinib turadi. Asosiysi, elektrobuslar harakatlanish davomida ekologiyaga mutlaqo zarar yetkazmaydi.
Ayni vaqtda bu eng muhim ko'rsatkichlardan biri. Axir, avtotransportlarning atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmi oshib borishi transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg'i va yo'l harakatini tashkil etish sifatiga bog'liq bo'lib qolmoqda. Dunyo hamjamiyati insoniyat uchun “yashil makon” yaratish harakatiga tushgan. Mamlakatlar tobora ifloslanib borayotgan atrof-muhit, zararli moddalarga to'lgan ekologiyani asrab qolish, global o'zgarishlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, azon qatlamini g'uborlardan tozalash yo'llarini izlayapti. Soha fidoyilari, olimlar, umuman, har bir davlat er yuzida yashayotgan insoniyatning toza havodan nafas olishi tarafdori.
Shunday murakkab sharoitda muqobil energiya manbalaridan foydalanish va “yashil” energetikaga o'tish eng maqbul yechimlardan biriga aylandi. Ayniqsa, atmosferaga eng ko'p zarar yetkazadigan avtotransport vositalarini elektron harakatlanish tizimiga o'tkazish jadallashib boryapti. Yurtimizda ham bu masalaga e'tibor oshgan. 2030-yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish Kontsepsiyasiga muvofiq, davlatimiz ijtimoiy transportining kamida 50 foizi havoga zararli moddalar chiqarishni kamaytirish uchun muqobil yoqilg'i turlariga o'tishi belgilangan.
Xo'sh, mamlakatimizda barcha transport vositalari elektr energiyasida harakatlansa, havodagi karbonad angidrid miqdori qanchaga kamayadi? Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari bu borada tahlil o'tkazdi. Unga ko'ra, 2020-yilda yonilg'ida harakatlanuvchi avtotransportlarning CO2 emissiyasi 7,69 million tonnani tashkil qilgan. Mazkur transport vositalari elektr energiyasi orqali harakatlanganida, CO2 emissiyasi 7,69 emas, 4,99 million tonna bo'lishi aniqlandi. Demak, elektromobillardan foydalanish zaharli gazlar chiqishini 2,7 million tonnaga kamaytiradi. Taqqoslaydigan bo'lsak, shuncha miqdordagi CO2 zararini qoplash uchun 108 millionta yirik daraxt talab etiladi.
Yaqin kunlarda shahrimiz ko'chalarida harakatlanadigan elektrobuslar ham ekologik tozalikni asrashga xizmat qiladi. Aytgandek, yangi avtobuslarning nafaqat ekologiya va iqtisodiyotga, balki haydovchilar salomatligiga ham foydali tomonlari bor ekan.
— 21 yildan buyon avtobus haydayman, — deydi 8-avtosaroy haydovchisi Doniyor Ziyayev. — Bir kunda 14-15 soat rulda o'tiramiz. Bu ko'pincha umurtqa churrasi kasalliklariga sabab bo'ladi. Elektrobuslarga o'rnatilgan ortopedik o'rindiqlar esa bu muammolarning oldini oladi. O'rindiqlar tagidagi isitish tizimlari qishda oyoqlar sovqotmasligiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, avtobusdagi avtomatik boshqarish funksiyalari biz haydovchilarga ko'plab qulayliklar yaratadi. Sinov jarayonlarida 3 oy elektrobusni boshqarib, bunga amin bo'ldim. Masalan, maxsus datchiklar hisobiga avtobus oldidan mashina chiqib qolib, avariya holati yuzaga kelsa, transport avtomatik tarzda to'xtaydi. Yo'l chiziqlaridan chiqib ketsa ham avtobus ovoz orqali signal beradi.
“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan joriy yilda boshqa turdagi avtobuslarni ham yangilash ko'zda tutilgan. Jarayonda xarid qilinadigan avtobuslarning zamonaviy bo'lishi, siqilgan tabiiy gaz va/yoki elektr quvvatida ishlaydigan dvigatellar bilan jihozlangani, nogironligi bo'lgan shaxslarni tashishga mo'ljallangani (apparelning mavjudligi), konditsioner, avtobus salonida bekatlar va yo'nalishlarni ko'rsatib turuvchi yozma va ovozli e'lon qilib boradigan elektron tablolar, avtomat uzatish qutisi, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida videokuzatuv kameralari, yo'lkira haqini avtomatlashtirilgan to'lov tizimi yordamida amalga oshirish uchun validatorlar va boshqa qulayliklar bilan jihozlanganiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Asosiy maqsad yurtdoshlarimizning sifatli va xavfsiz jamoat transportiga bo'lgan talabini qondirishdan iborat.
Kuni kecha olib kelingan elektrobuslar esa tez kunlarda belgilangan yo'nalishlarda qatnay boshlaydi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri