Sog'liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.
Aniqlanishicha, kecha soat 18:50 atrofida Toshkent shahrining Mirobod tumani, Temiryo'lchilar ko'chasi, 1/5-uy oldiga 30 yoshli noma'lum erkak kishida “Qon ketish (xushsiz)” sababi bilan yo'lovchi fuqaro tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiruv kelib tushgan. Shundan so'ng shifokor M.Z. va fel`dsher Z.J.dan tarkib topgan 397-sonli “103” brigadasi chaqiruv manziliga sanoqli daqiqalar ichida etib borgan. “Tez yordam” xodimlari manzilga kelganida ko'chada bemorligi aytilgan 22 yoshli fuqaro M.A. noadekvat holatda yon-atrofdagi kishilarga tajovuz qilayotgani ma'lum bo'lgan. “103” ko'chma brigadasi unga birinchi tibbiy yordam ko'rsatmoqchi bo'lganda, mushtumzo'r fuqaro shifokorlarga kuch ishlatib, TTYO avtomashinasiga ham jiddiy zarar etkazgan.
Voqea jiddiy tus olayotganini ko'rgan tez tibbiy yordam xodimlari darhol tuman ichki ishlar bo'limiga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari etib kelguniga qadar fuqaro M.A. “103” brigadasi haydovchisi I.H.ni kaltaklab, unga jarohat etkazgan.
Oqibatda jiddiy tan jarohati olgan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga boshqa brigada tomonidan olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to'qimalarining lat eyishi” tashxisi bilan neyroxirurgiya bo'limiga yotqizilgan. SHuningdek, ko'chma brigada shifokori M.Z. shifoxonada ambulator tartibda mutaxassislar ko'rigidan o'tkazilib, unga “Qorin sohasi yumshoq to'qimalari lat eyishi” tashxisi qo'yilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o'z nazoratiga olgan. Shuningdek, vazirlik ushbu vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko'rmoqda. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Mirobod tuman ichki ishlar bo'limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. deb xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.