“Debat xoll“ nodavlat teleradiokanallar media-markazi ochildi

    Shu yilning 27-sentyabr kuni “Zarafshon“ tadbirlar majmuasida Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi va Xalqaro press-klub hamkorligida “Debat xoll“ nodavlat teleradiokanallar media-markazi tashkil etildi.

    Mazkur markazning ochilish marosimida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash vakillari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Shuningdek tadbirda, 25-oktyabrga qadar haftaning har juma kuni siyosiy partiyalar oʻrtasida debatlar oʻtkazilishi va bu jarayon Milliy media birlashmasiga aʼzo telekanallar va loyihaning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalarida toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borilishi haqida maʼlumot berildi.

    Shu bilan birga ushbu markazda jurnalistlar uchun saylovlarni yoritishga bagʻishlangan seminar-treninglar oʻtkaziladi. Bu saylov bilan bogʻliq jarayonlarni yoritishda xolislik va shaffoflikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Yana shuni alohida qayd etish kerakki, “Debat Xoll” — Milliy media birlashmasi va Xalqaro press-klub tomonidan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik doirasida ochiq siyosiy munozaralar va debatlar oʻtkazish uchun tashkil etilgan axborot markazidir.

    Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, bugun soat 17:00 da “Debat Xoll” media markazida saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning raislari oʻrtasida birinchi debat tashkil etiladi va unda siyosiy partiyalar saylov dasturlari bilan bahsga kirishadi.

    Zulxumor AKBAROVA