Biznes-forumda jami 100 dan ortiq Ozarbayjon va Oʻzbekistonning toʻqimachilik, oziq-ovqat, avtomobilsozlik sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning boshqa sohalariga dahldor yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ochib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajada rivojlanayotganini hamda uni izchil mustahkamlashga ikki mamlakat hukumatlari tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. COVID–19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan bir qator cheklovlarga qaramay, oʻtgan yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi sezilarli oshgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyati koʻp jihatdan ishga solinmagani va bu holat mazkur yoʻnalishdagi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratayotgani taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonning xorijiy investorlar uchun ochiqligi va jozibadorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, shaffof ishbilarmonlik muhitini yaratish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning iqtisodiyotdagi rolini bosqichma-bosqich kamaytirish borasida koʻrilyotgan chora-tadbirlar qayd etildi.
Tadbir davomida erishilgan natijalar ham qayd etildi: hozirgi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon kompaniyalari qator qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Investitsiya hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida qoʻshma investitsiya jamgʻarmasini tashkil etishning shart-sharoitlari koʻrib chiqildi. Uning maqsadi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni ragʻbatlantirishdan iborat boʻladi.
Anjuman davomida bir qator kelishuv va Memorandumlar imzolandi. Xususan, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Ozarbayjon qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi bilan ikki davlat oʻrtasida qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, hamkorlikda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari”
uyushmasi Matbuot xizmati