Poytaxtimizda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi

    Sanoat 14 Noyabr 2022 1244

    Joriy yil 14-noyabrda Toshkent shahridagi Milliy koʻrgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻz ishini boshladi. Unda ilk bor Oʻzbekistonning 14 viloyati va 21-tarmoqdagi 944 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 9 350 nomdagi mahsulot namoyish etildi.

    Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev mamlakatimizda oʻtkazilayotgan tarmoqlararo yarmarkalari samaradorligini va ular natijasida 4,4 trillion soʻmlik shartnomalar imzolanganligini taʼkidlab, ishtirokchilar eʼtiborini bu yil oʻtkazilayotgan yarmarkaning mamlakatimizga import qilinadigan mahsulotlar hajmini optimallashtirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan mutlaqo yangi formatda tashkil etilganligiga qaratdi.

    Taqdim etilgan namunalar orasida – sanoat kooperatsiya asosida oʻzlashtirish taklif etiladigan 2 275 turdagi import mahsulot, istiqbolli shartnomalar tuzish uchun 3 112 turdagi yangidan oʻzlashtirilgan mahsulotlar namunalari va 2023-yilda yetkazib beriladigan import oʻrnini bosuvchi 4 998 turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar bor. Potensial tashabbuskorlarni jalb etish maqsadida maxsus tashkil etilgan stendda mazkur turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar loyihalari namoyish etilyapti.

    Yana bir yangilik – yangi tashkil etilgan Raqamli transformatsiya markazida mahalliy mahsulotlarni sotish imkonini beruvchi va Escrow kliring tizimi orqali toʻlovni kafolatlovchi mexanizm, shuningdek, respublika nogironlar jamiyatlari tomonidan ham joriy yarmarka doirasida, ham elektron hamkorlik portali orqali mahsulotlarni sotish tizimlari joriy etildi.

    Bundan tashqari, 2023-yilgi Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan yirik loyihalar “mahalliy kontentini” shakllantirish ham ushbu yarmarka davomida aniqlanadigan ustuvor yoʻnalishlar va tashabbuslarga asoslanishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Yarmarka 14-18-noyabr kunlari davom etadi. Uning natijalariga koʻra 4,2 trillion soʻmlik shartnomalar imzolanishi kutiladi.