Poytaxtimizda “UzCharmExpo-2022” 13-Xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi boshlandi

    Biznes 12 Oktabr 2022 1124

    “Oʻzekspomarkaz” MKMda “UzCharmExpo-2022” charm, poyabzal, attorlik, moʻyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 13-Xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtyapti.

    Yilda ikki marta — bahor va kuzda oʻtkaziladigan mazkur koʻrgazma “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan.

    Mazkur tadbirda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ikki tomonlama aloqalarni oʻrnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitish koʻzda tutilgan.

    “UzCharmExpo-2022” 13-Xalqaro koʻrgazma Markaziy Osiyodagi charm-poyabzal va moʻyna sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasidir. Unda ishtirok etish maqsadida 450 ga yaqin mahalliy va 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning 70 dan ortiq kompaniyalar 5 000 ga yaqin mahsulot namunalari bilan tashrif buyurgan. Shuningdek, 2 500 yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari roʻyxatdan oʻtdi. Anjuman nafaqat Oʻzbekiston hududlardagi ishlab chiqarish salohiyatini namoyish qiladi. Balki, koʻplab mamlakatlarning soha mutaxassislari uchun muloqot maydoniga aylanadi.

    Joriy yilgi anjumanda Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston,Turkiya, Ispaniya, Vengriya, Rossiya, Belorus, Polsha, Latviya Xitoy kabi koʻplab charm-poyabzal sanoati rivojlangan davlatlarning korxonalari va brendlarini koʻrish mumkin. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro moʻyna federatsiyasi, qator davlatlarning milliy uyushmalari, charm ishlab chiqaruvchilar, poyabzal va moʻynachilik kengashlari va tadbirkorlarni uchratasiz.

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi charm, poyabzal, charm-attorlik, moʻyna va qorakoʻl mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar, tashqi savdo vakolatxonalari va moda uylari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali 2022-yilda eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 118,8 foizga koʻpdir. Mahsulotlar eksporti dunyoning 42 dan ortiq mamlakatlarida amalga oshiriladi.

    Soha rivoji uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni inobatga olgan xolda 2022-yil oxirigacha mamlakatimiz charm-poyabzal sohasida 120 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, bunda 50 ta yangi korxona tashkil etish, 70 ta korxonani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Sohaga jalb etilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 176 million dollarni tashkil etib, oʻn mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutiladi.

    Shuningdek, “UzCharmExpo-2022” stendlarida yosh dizaynerlarning modalar kolleksiyasi ham namoyish etildi.

    “UzCharmExpo-2022” nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyati, balki, B2B va G2B muzokaralari uchun samarali platformadir. Koʻrgazma doirasida biznes-muloqotlar va taqdimotlar boʻlib oʻtyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

    “UzCharmExpo-2022” Xalqaro koʻrgazmasi 14-oktyabrga qadar davom etadi.