Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbidin Burxanov va IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi Sherzod Ibragimov hamda soha masʼullari bilan uchrashda maʼlum qilindi.
Muloqot davomida joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy yoʻl-transport hodisalari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, oʻlim bilan bogʻliq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bogʻliq holatlar 9,2 foizga kamayishiga erishilgani, biroq, yoʻl-transport hodisalari va ular oqibatida halok boʻlayotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolayotgani afsus bilan qayd etildi.
Senator 2024-yilning birinchi yarmida mamlakat boʻyicha qonuniy ravishda oʻqib, haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilganini alohida taʼkidlab, xizmatning yangi tayinlangan rahbari oldida nechogʻli dolzarb va qaygʻuli masala turganini yana bir bor eslatib oʻtdi.
Eng achinarlisi, 2023-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar, ruxsatnomasi boʻlmay turib yana qaytadan rulga oʻtirgan. Natijada ular tomonidan 707 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va buning oqibatda 212 nafar shaxs bu dunyodan koʻz yumgan. 546 nafar shaxs esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Haydovchilik huquqidan mahrum boʻlganlar umumiy haydovchilarning 0,3 foizini tashkil etadi. Ammo ular tomonidan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etgan.
Bu kabi qonunbuzarlarning kasriga yuqorida aytib oʻtganimizdek qanchadan qancha oilalarning hayotiga judoliklar va musibatlar tushayotganini tasavvur qilishning oʻzi ogʻriqlidir. Ana shunday nomaqbul kimsalarning hatti-harakati xalqimizning qahr-gʻazabini, turli noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.
Oʻz navbatida, Qoʻmita raisi YHXX rahbariga ushbu holatlarni oldini olish alohida eʼtibor qaratish zarur ekanligini qayd etib, oʻz takliflarini bildirdi.
Bunda amaldagi qonunchilikka oʻzgartirish kiritish orqali jazo choralarini kuchaytirish lozimligi maqsadga muvofiqligi alohida taʼkidlandi.