Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda “mahalla yettiligi” aʼzolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi boʻlgan ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda masʼuliyatini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yoʻnalishda manzilli va natijaga yoʻnaltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Mahallalarda kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning oʻzida hal etishga eʼtiborni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Ogʻir toifadagi mahallalar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida eʼtibor qaratib, infratuzilma, elektr taʼminoti, internet tarmogʻi, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Joriy yilda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu koʻrsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yoʻnalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Har bir kambagʻal oila boʻyicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani taʼkidlandi.
Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Ijara yer va tomorqada suv taʼminotini yaxshilash”, “Eski bogʻlarni yangilash”, “1 ming gektar mevali bogʻ”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar bilan 1 million nafar kambagʻal aholini qamrab olish rejalashtirilgan.
Kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va oʻrta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tun-u kun ishlaydigan koʻchalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yoʻl boʻyi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.
Bandlik dasturining 2025-yildagi ijrosi va 2026-yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambagʻallikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak masʼuliyat bilan ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.










