Lekin Kichik halqa yoʻli, Katta halqa yoʻli, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron koʻchalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekani koʻrsatib oʻtildi.

Toshkent shahri aholisi yildan yilga oshib borayotgani hisobiga 100 mingdan ziyod maktab va bogʻcha oʻrinlariga ehtiyoj bor.

“Endi poytaxtda boshqaruv oʻzgaradi. 2026-yil Toshkent shahri uchun «Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻladi. Bu gʻoyani roʻyobga chiqarish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi», – dedi davlatimiz rahbari.

Kelgusi yilda jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027-yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yoʻnalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritiladi.

Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari “o‘sish nuqtasi” bo‘ladi. 

Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi. 

Yangihayotdagi “Yangi avlod” sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yerda Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi zamonaviy logistika tizimini yo‘lga qo‘yadi. 

Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi. 

“Yangi avlod” sanoat zonasi boshqaruviga ilg‘or xorijiy kompaniyani jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.

Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanadi. 

Xususan, 37 gektarda 1 milliard dollarlik “Uchtepa siti” loyihasi boshlanadi. Uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi. 

Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham 2,5 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshiriladi. 

Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun’iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.