Prezident avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini tartibga solish boʻyicha qarorni imzoladi

    Transport 6 May 2021 1098

    Hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:

    2022-yil 31-dekabrgacha muddatga eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta oʻrindiqli yengil avtotransportda yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanish huquqi berilmoqda. Asosiy talablar:

    ➖ haydovchi 21 yoshga toʻlgan va boshqaruvida 10 yildan ortiq boʻlmagan muddatda ekspluatatsiya qilinayotgan yengil avtomobil boʻlishi;
    ➖ texnik xizmat koʻrsatish stansiyalarida har 6 oyda kamida bir marotaba texnik koʻrikdan oʻtishi;
    ➖ xususiy klinikalarda yoki oilaviy poliklinikalarda oylik tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim.

    Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shugʻullanish uchun boshlangʻich toʻlov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming soʻmni, oylik toʻlov 1,5 barobarga kamayib 425 ming soʻmni tashkil qiladi.

    2021-yil 1-sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkor sifatida taksi faoliyati bilan shugʻullanish faqatgina mijozlarni izlash boʻyicha interaktiv xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi.

    Taksi faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari uchun quyidagi yagona talablar joriy etilmoqda:

    ➖ avtotransport vositasining tom qismiga toʻqsariq rangli fonar (plafon) oʻrnatish va unda “TAXI” tanish belgisini aks ettirish;
    ➖ toʻlovni amalga oshirish hamda bosib oʻtilgan yoʻlni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (uyali telefon, planshet va boshqalar) bilan jihozlash;
    ➖ avtotransport vositasining priborlar panelida avtotransport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan tablichka mavjud boʻlishi.

    Yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun quyidagi preferensiyalar nazarda tutilmoqda:

    ➖ “toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi amal qilish hududida, shu jumladan aeroport va vokzallarga tutash hududlarda toʻxtab, yoʻlovchilarni olish va tushirish huquqi saqlanib qolmoqda;
    ➖ aeroport, temir yoʻl vokzali, davlat ishtirokidagi avtovokzal, bozor va savdo komplekslarining pullik toʻxtash joylariga yoʻlovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirishga ruxsat berilmoqda;
    ➖ avtobuslar uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yoʻlagida harakatlanishga ruxsat berilmoqda.

    Shuningdek, 2023-yil 1-yanvarga qadar taksi sifatida foydalaniladigan avtotransport vositalarining rangi (“fil suyagi” va sariq ranglar) hamda maxsus davlat raqamiga (“TT” seriyali) qoʻyilgan talablar toʻxtatilmoqda.