Ayni vaqtda muhtasham zal tadbirkorlar bilan gavjum. Barcha ishtirokchilar davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotini yangicha format va tarixiy tashabbus sifatida baholamoqda.
Xorazm viloyatidan kelgan yosh tadbirkor, “Sevinch medikal centr” xususiy klinikasi rahbari, “Yoshlar kelajagi” medali sohibi Shahlo Yoʻldosheva ham shu fikrda.

– Prezidentimiz yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, har tomonlama koʻmak berib kelayotgani bizga juda katta motivatsiya bermoqda. Shu eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan ruhlanib, 2018-yilda “Yoshlar kelajagi” jamgʻarmasi mablagʻi evaziga xususiy klinika ochdim.

Bugungi kunda klinikamizda 60 ga yaqin mutaxassis-xodim ishlayapti. Faoliyatimizni va xizmat koʻrsatish turini yana-da kengaytirishni maqsad qilganmiz. Xususan, onkologik kasalliklarni davolash boʻlimini ochmoqchimiz.

Oʻylaymanki, Prezidentimiz bilan bugungi muloqotimiz tadbirkorlar uchun tarixiy kun boʻlib qolishi va faoliyatimizda yangi sahifalar ochishiga ishonaman. Oʻz navbatida, barchamiz uchun manfaatli takliflar, tashabbuslar roʻyobi uchun yoʻl ochadi.