Prezident Boʻzatovga keldi

    Hukumat 21 Sentabr 2021 4571

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Boʻzatov tumaniga kelib, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Juginis Jumanazarov xonadonida mehmon boʻldi.

    Juginis ogʻa rafiqasi Salima opa bilan besh qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ular taʼlim, madaniyat, qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritmoqda. Kenja qizi Ulzoda Jumanazorova karate boʻyicha Oʻzbekiston chempioni.

    Davlatimiz rahbari oilaning turmush tarzi, ular timsolida butun boʻzatovliklarning yashash sharoitlari bilan qiziqdi.

    Oila tomorqadan unumli foydalanmoqda. Issiqxona tashkil etilgan, mevali daraxtlar va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

    - Boʻzatovda azaldan mirishkor odamlar yashaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Yeri unumdor, shoʻri yoʻq. Lekin uzoq yillar imkoniyatlar tahlil qilinmay, biroz eʼtiborsiz qolgandi. Boʻzatov xalqidan qarzimiz bor edi. Eng yaqin markaz - Kegeyli tumani markazigacha salkam 100 kilometr edi. Endi shu yerning oʻzida sharoit yaratib, davlat xizmatlarini yoʻlga qoʻyib, ish oʻrinlari tashkil etishga harakat qilayapmiz.

    Tadbirkorlarni ishontirib, subsidiya bersak, infratuzilmani yaxshilab, aholini koʻchib kelishga jalb etsak, bu hudud katta imkoniyatlarga ega.

    Boʻzatov tumani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019-yilda qayta tashkil etilgan edi. Keyingi ikki yilda bu yerda koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, ming oʻrinli amfiteatr, sport maydoni, Yoshlar markazi qurildi, yoʻllar taʼmirlandi. Toʻqimachilik korxonasi ish boshladi.

    Xonadondan chiqishda boʻzatovlik ekologlar, mahalliy aholi vakillari bilan muloqot boʻldi.

    - Ichki imkoniyatlardan foydalanib, tinimsiz harakat qilmasak, natija boʻlmaydi. Shuning uchun Boʻzatov tumanini rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilish maqsadidamiz. Masalan, tumanda 11 ming gektar unumdor yer foydalanilmay turibdi. Endi bu joyni ilgʻor viloyatlardan biriga biriktirib, nasoslarini tiklab, yaxshi nasl va navlar olib kelib, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib oladigan tizim tashkil etamiz, - dedi Prezident.

    Boʻzatovliklar hududdagi oʻzgarishlarni aytib, bu boradagi eʼtibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.