Prezident Farmoni loyihasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobarga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda

    Mamlakatimizda 12 Yanvar 2022 2444

    2022-yil 11-yanvarda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda senatorlar, qo‘mita ekspertlari, mahalliy kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari, mutasaddi vazirlik va idoralar, ularning hududiy tuzilmalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Unda «Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni loyihasi muhokama qilindi.

    Ma’lumki, Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida 100 ga yaqin puxta ishlangan maqsadlarga erishish nazarda tutilmoqda.

    So‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, joylarda «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ular ehtiyoj va qiziqishlarini tizimli o‘rganish, manzilli hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu borada boshlangan tizimli ishlarni kelgusida ham izchillik bilan davom ettirish muhim hisoblanadi.

    Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. Albatta Farmon loyihasida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam bilan birgalikda, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ularni ijtimoiy himoyalash, bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berilgan.

    Jumladan, ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta'tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish, yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida alohida ma'lumotlar bazasini yaratish, jumladan «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni «Ijtimoiy himoya yagona reestr»i bilan integratsiya qilish kabi muhim vazifalar shular jumlasidandir.

    Ta’kidlash lozimki, Farmon loyihasida xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, onalar kasalligi va perinatal kasalliklar profilaktikasi va ularning oldini olish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tashkil etish, ularni kadrlar, zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

    Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, moddiy manfaatdorligini oshirish uchun munosib shart-sharoit yaratib berish, ularni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash masalalari mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tub mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Ushbu yo‘nalishda loyihada xotin-qizlar bandligini ta'minlash masalalariga alohida ahamiyat berilgan.

    Jumladan, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, birgina 2022-yilda 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ham aniq mexanizmlarni amalga oshirish belgilanmoqda.

    Yig‘ilishda Senatning Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a'zosi Manzura Salimova qayd etganidek, Strategiyaning 59-maqsadida Reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi juda dolzarb bo‘lib, 46 ta tumanlararo perinatal markazni tashkil etish, ularni kadrlar, zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan ta'minlash nazarda tutilgan. Shu o‘rinda Perinatal markazlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar va tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lashda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turi murakkabligi va erishilgan natijalarni hisobga olish masalasini ham yo‘l xaritasida qayd etib o‘tish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

    Shu bilan birga, qo‘mita eksperti, Yuristlar malkasini oshirish markazi professori Lola Saidova strategiyaga O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashni ustuvor vazifa qilib belgilashga qaratilgan alohida maqsad kiritish, bu orqali xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish, qishloq ayollarining mehnati, shuningdek, tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklaridagi faoliyatida qulay sharoitlarni yaratish, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha soha va tarmoqlarda gender yondashuvni amalga oshirish lozimligi yuzasidan takliflarni bildirdi.

    Mazkur takliflar umumlashtirilgan holda «Taraqqiyot strategiyasi»ga yuboriladigan bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.