Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha vazifalar ijrosi yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.
Kun tartibiga oʻtishdan oldin davlatimiz rahbari hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uygʻotayotgan masalaga toʻxtalib oʻtdi:
"Maʼlumki, Isroil armiyasi va Xamas harakati oʻrtasida davom etayotgan qurolli toʻqnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida koʻp sonli qurbonlarga olib kelmoqda.
Bolalar va ayollar halok boʻlmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻlmoqda.
Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon boʻlgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan taʼziya va hamdardlik izhor etamiz.
Men Gʻazo sektori aholisiga baholi qudrat yordam koʻrsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim.
Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qatʼiy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini qoʻllab-quvvatlaymiz", - dedi Prezidentimiz.