Tadbirda Adliya vazirligining masʼul xodimlari ishtirok etib, shu vaqtda qadar amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, vazirlik tomonidan Farmonning mazmun-mohiyati yuzasidan davlat organlari va aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlari olib borilida. Xususan:

- Vazirlar Mahkamasi bilan birga ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarining 1 300 nafardan ortiq xodimlari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi;

- barcha hududlarda hokimliklar, davlat organlari hududiy boʻlinmalari masʼul rahbar va xodimlari uchun topshiriqlar ijrosini “viloyat – tuman – mahalla” tizimi asosida tashkil etish borasida amaliy seminarlar oʻtkazildi;

- topshiriqlarni ijrochilarga oʻz vaqtida yetkazish, mazmun-mohiyatini tushuntirish, toʻliq va natijali ijro etilishini tashkil etishga doir huquqiy-uslubiy qoʻllanma tayyorlanib, 169 ta davlat organlariga yuborildi;

- adliya organining quyi tizimi orqali topshiriqlar ijrosini “joyiga chiqib” amalda nazorat qilish, oʻrta va quyi boʻgʻinlarda ishlarni real holatini, muammolarning asl sabablarini oʻrganish va huquqiy-uslubiy koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi;

- davlat organlari va tashkilotlarning qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyati “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida televideniyeda koʻrsatuvlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.

Farmatsevtika, jismoniy tarbiya va sport sohasida hamda aholi bandligini taʼminlash va jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish, temir yoʻl sohasiga oid qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilindi.

Qonun hujjatlar loyihalari puxta hamda professional darajada tayyorlanganligi oʻrganilib, ularning ijro etilmaslik xavfi loyiha bosqichidayoq ekspertiza qilinmoqda.

Natijada joriy yilning 1-choragida 293 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 75 tasi yoki 25,6 foizi qonunchilik hujjatlari normalariga zid ekanligi, jiddiy (konseptual) kamchiliklar mavjudligi sababli tashabbuskor vazirlik va idoralarga qaytarildi.

Topshiriqlar ijrosi tarmoq va hududlar kesimida doimiy nazoratga olingan boʻlib, tizimli ishlar tashkil etilmoqda.

Bugungi kun holatida 13 mingta topshiriqlar davlat organlari va tashkilotlar ish yurituvida ijro jarayonida turibdi.

Vazirlik tomonidan topshiriqlar ijrosini muddatida tashkillashtirish yuzasidan idoralarga 50 ta taqdimnoma hamda 22 ta koʻrsatmalar kiritildi.

Yillik manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlar dasturi asosida oʻrganishlar tashkil etilib, ularda ijro tizimini samarali tashkil etish hamda ijro natijadorligini taʼminlash boʻyicha aniq taklif va zarur tavsiyalar berilmoqda. Xususan, joriy yilning mart-aprel oylarida Pensiya jamgʻarmasi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi, Energetika vazirligi tizimida respublika iqtisodiyoti va aholisini energiya resurslari bilan taʼminlash, neft-gaz sohalari oʻrganildi.

Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan tahlil natijalarini Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Har hafta Vazirlar Mahkamasi apparati yigʻilishida ijro intizomi boʻyicha kamchiliklarga yoʻl qoʻygan vazirliklar, idoralar hamda hokimliklar rahbarlarining tegishli oʻrinbosarlari, ijro intizomiga masʼul mutaxassislari hisobitini eshitish tartibi joriy etildi.

Haftaning payshanba va juma kunlari Adliya vazirligida vazirliklar, idoralar hamda hokimliklarning ijro intizomiga masʼul boʻlgan xodimlariga topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy va metodik koʻmaklashilmoqda, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.