Soʻnggi yillarda yurtimizda yoshlar siyosati boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, bu barcha toifadagi yigit-qizlarni qamrab olgani bilan gʻoyat samarali boʻlmoqda. Chunonchi, davlatning eʼtibori, koʻmagiga ehtiyoj sezadigan birgina qatlam bilan individual ishlashga qaratilgan “Yoshlar daftari” asosida 600 mingdan ortiq yigit-qizning bandligi taʼminlandi. Ularning ijtimoiy muhofazasi tashkil qilindi. Joylarda uch mingdan ortiq yosh oila uy-joy bilan taʼminlandi. Navqiron avlod vakillarining vatan ichra vatanga ega boʻlishi esa, yana-da baxtli, totuv hayot kechirish uchun zamin yaratdi.
Bundan tashqari, “Mehribonlik” uylarining ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilarini uy-joy bilan taʼminlash, qiynalgan oilalarning bemor farzandlarini davolatish uchun yuz milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgani davlatimiz rahbarining yoshlarga gʻamxoʻrligi, mehrining amaliy isbotidir.
Faol, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan beshta muhim tashabbus doirasida joylarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu — yigit-qizlarning isteʼdodi, salohiyatini yuzaga chiqarish, ragʻbatlantirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan yirik loyiha. Mamlakatimizning barcha hududida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan yoshlar festivallari umummilliy yoshlar harakatiga aylanib, 6 millionga yaqin oʻgʻil-qizni oʻz atrofida birlashtirdi. Minglab yangi isteʼdod egalarini kashf etdi. Toʻrtinchi tashabbus doirasida oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovida uch millionga yaqin yosh qamrab olindi. Tanlov natijalariga koʻra, Prezident sovgʻasini qoʻlga kiritgan 12 nafar yosh kitobxon haqiqiy bilim elchilari sifatida belgilandi. Kitobxonlar harakati yuzaga keldi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratyapti. Birgina misol: oʻtgan yili ilmga chanqoq, ammo iqtisodiy qiyinchilikda yashayotgan oilalarning ming nafardan, bu yil esa ikki ming nafardan ortiq qizlari maxsus kvota asosida oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida qabul qilinmoqda. Bu ham qizlarning ilm olishiga yoʻnaltirilayotgan katta sarmoya, yuksak ishonchning amaliy ifodasidir.
Shuningdek, 2017-yilga qadar 14 nafardan faol, iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanib kelingan boʻlsa, hozir mukofotlanuvchilar soni ikki baravar oshirildi. Shunday qilib, oʻtgan besh yil ichida ikki yuz nafardan ortiq qiz ushbu davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Mana shu eʼtiborga, ishonchga loyiq boʻlishga intilayotgan qizlar safi tobora kengayib boryapti. Bugun nafaqat Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, balki mamlakatimizning eng chekka hududlarida istiqomat qilayotgan tashabbuskor qizlar ham foydali gʻoya, tashabbuslari, ijtimoiy loyihalari bilan mamlakatimiz hayotida faol ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz farmoniga binoan, koʻplab yigit-qizlar qatori davlat mukofoti bilan taqdirlanganim hayotimdagi muhim voqea boʻldi. Ayni paytda shunday yoshlar bilan birga Prezident jamoasida ishlayotganimdan faxrlanaman. Bizga berilgan mukofot Prezidentimizning xotin-qizlarga qaratayotgan yuksak eʼtiboridan yana bir dalolat. Navqiron avlodning vakili, ular bilan ishlayotgan yosh rahbar xodim, yosh kadr sifatida mana shu ishonchni oqlash uchun bor kuchim, salohiyatimni safarbar qilib, vatanimizga, xalqimizga sidqidildan xizmat qilishga tayyorman.
Dilnoza KATTAXONOVA,
Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari,
“Doʻstlik” ordeni sohibi