Ushbu temir yoʻl qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan boʻlib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator koʻpriklar barpo etildi. Eʼtiborlisi, mazkur liniyani kelgusida toʻliq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi yoʻnalish ikki juft shaharlararo poyezd va toʻqqiz juft yuk poyezdi qatnovini taʼminlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash koʻzda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi orqali yiliga 359 ming yoʻlovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.

Yoʻnalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdargʻom, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

Temir yoʻl infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yoʻnalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yoʻnalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi.

Safar chogʻida Prezidentimiz temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻlovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, temir yoʻllarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yoʻl boʻylab amalga oshirilayotgan qurilish va obodonchilik ishlariga eʼtibor qaratdi.

Urgut tumani katta salohiyatga ega hudud sifatida tobora muhim oʻrin egallab borayotgani taʼkidlandi. Bu yerdagi aholi ishbilarmon, tadbirkorlik ruhi kuchli. Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan bunday hududlarni rivojlantirishda esa zamonaviy logistika va infratuzilma hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Yangi temir yoʻlning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy oʻsishni cheklab turgan toʻsiqlar, logistik “tromb”lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.

Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish oʻrinlari koʻpayadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur loyiha temir yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayonda ishlarni oʻz vaqtida va yuqori sifatda amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xarajatlarni optimallashtirish zarurligi aytildi.

Safar chogʻidagi suhbatda davlatimiz rahbari Samarqandda boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning odamlar hayotidagi ijobiy aksi yaqqol koʻzga tashlanayotgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari sifatida tarbiyalash haqida soʻz yuritdi. Urgutgacha tortilgan temir yoʻliga tutash yerlarni oʻzlashtirish, ularda qishloq xoʻjaligi madaniyatini yuksaltirish, taʼlim sohasida, shu jumladan, qoʻshni davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Urgut vokzali yangi yoʻnalishning asosiy nuqtalaridan biri. Prezidentimiz vokzal infratuzilmasi, xizmat koʻrsatish tizimi va yoʻlovchilar harakatini tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratdi. Turistlar uchun qulayliklarni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Urgut tumani faollari bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Suhbatda hududlardagi oʻzgarishlar, aholi turmush tarzi va tinchlik qadri haqida fikr almashildi.

Odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, daromad va farovonlikni oshirish, mahallalarni obod qilish davlat siyosatida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanayotgani taʼkidlandi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlar natijasida sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, transport va energetika sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Nuroniylar bu oʻzgarishlar aholi hayotida sezilarli natija berayotgani, xalqimiz islohotlarga yuqori baho berayotganini taʼkidladi.