Mamlakatimiz barcha sohada katta rivojlanish yoʻliga kirganini hamma aytyapti. Uning samarasini hamqishloqlarim, sinfdoshlarim, yaqinlarim, hatto oʻzim ham koʻrib, guvohi boʻlib turibman.

Chust tumanining Axcha shaharchasida oddiy oilada voyaga yetdim. Boshlangʻich sinfni ham shu yerda oʻqidim. Ilmga qiziqishim, ota-onamning ragʻbatlantirishi bilan taʼlimni Chust tumanidagi 7-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida davom ettirdim. 9-sinfni tugatgan paytimda viloyatimizda Prezident maktabi ochildi. Imtihonlarda muvaffaqiyatli oʻtib, iqtidorli oʻquvchilar safiga qabul qilindim.

Mutlaqo zamonaviy, barcha shart-sharoitga ega, innovatsion taʼlim maskanida oʻqib, yaxshi natijalarga erishdim. Joriy yilning 8–12-yanvar kunlari Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida masofaviy tarzda matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil etilgan 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasida bronza medal bilan taqdirlandim. 22-23-may kunlari asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida qatnashib, informatika va axborot texnologiyalari fanidan 1-oʻrinni egalladim. Noutbuk va diplom bilan taqdirlandim. Shuningdek, menga Oʻzbekiston-Koreya xalqaro universitetiga 12 ming 800 AQSH dollari miqdoridagi grant taqdim etildi.

Men bu gaplarni nega aytyapman? Sababi, ayrim odamlar Prezident maktabida oʻqish uchun yo zoʻring, yo zaring boʻlishi kerak, qabilida fikrlaydi. Oddiy oilaning farzandi boʻlaturib bu maktabga kirganimdan keyin koʻpchilikning fikri oʻzgardi. Oʻzim oʻsgan shaharchaga borganimda yaqinlarim, mahalla-koʻy farzandlariga oʻqigan odam Prezident maktabiga kirishini aytib, bunga meni misol qilib koʻrsatishadi. Ustozlarim men bilan faxrlanadi.

Prezident maktabiga kirib, orzularim yuksaldi. Ilgari maktabda oʻqigan paytimda viloyatimizdagi universitetlardan biriga oʻqishga kirsam derdim. Hozir esa maqsadim chet elning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan birida oʻqib, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshish. Chunki bunga bilimim yetishiga ishonaman. Chet tilini puxta egallaganman. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman!

Kuni kecha davlatimiz rahbarining biz, bitiruvchi yoshlarga yoʻllagan tabrigini oʻqib, yana-da ruhlandim. Ayniqsa, “Maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi eʼtibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi”, degan soʻzlarini oʻqib, shunday ruhlandimki, bu gʻamxoʻrlikka, albatta, munosib boʻlishga soʻz berdim. Nasib etsa, yaqin 7-8 yilda buning samarasini amaliy saʼy-harakatlarim bilan koʻrsataman.