Prezident maktablarida “Maktab maslahatchisi” (“School Counselor”) lavozimi joriy etilmoqda

    Ta'lim 7 Oktabr 2021 3167

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Prezident taʼlim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova maʼlum qildi.

    “Maktab maslahatchisi” - “School Counselor” dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, 2021-2022-oʻquv yilidan Prezident maktablarida joriy qilinmoqda.
    Mazkur dastur quyidagi vazifalarni oʻz ichiga oladi:

    taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha individual maslahatlar berish;

    dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish;

    oliygohlarga hujjat topshirish va roʻyxatdan oʻtish boʻyicha kerakli tavsiyalarni berish;

    ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yoʻnaltirish.

    Maktab maslahatchisining vazifalari:

    sohada muvaffaqiyatga erishgan kasb egalari bilan mahorat darslari, uchrashuvlar tashkil etish;

    taʼlim isteʼmolchilari qiziqish bildirgan sohalari boʻyicha amaliy ekskursiya va tanishuv turlarini amalga oshirish;

    maktab psixologi bilan hamkorlikda oʻquvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga koʻra hayotda oʻz yoʻnalishini toʻgʻri tanlay olishiga koʻmaklashish;

    Prezident maktabi oʻquvchilarida milliy va anʼanaviy qadriyatlarga boʻlgan hurmat, iftixorni rivojlantirish maqsadida maktabda IT, kichik tadqiqotchilik, milliy hunarmandchilik kabi yoʻnalishlar boʻyicha toʻgaraklar tashkil qilish va ularni samarali amalga oshirishdan iborat.

    Mazkur dastur muvaffaqiyatli oʻtgach, ijobiy tajriba umumtaʼlim maktablariga translyatsiya qilinishi koʻzda tutilgan.