U faqat ob-havo maʼlumoti bilan shugʻullanadigan tashkilot emas.

Davlatimiz rahbari mazkur xizmat muhokamasi boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida Samarqand viloyatida rahbarlik qilgan yillarini yodga oldi: “Esingizdami, Odil Mirzayev har tong qabulimga maʼlumotlari bilan kelib turardi”, dedi rahbarlardan biriga.

Prezident meni nega esladi?

Yoʻq, bu yerda gap men haqimda emas. Sohaning jamiyat hayotida tutgan oʻrni haqida ketayotgandi. Negaki, oʻsha paytda Sh.Mirziyoyev viloyatning birinchi rahbari sifatida deyarli barcha ishlarni gidrometeorologik maʼlumotlar asosida tashkil qilishga harakat qilardi. Yigʻilishda buni xotirlashdan maqsad, gidrometeorologiyaning oʻrni va ahamiyatini aniq hayotiy misollarda ochib berishdan iborat edi.

Toʻgʻri, bugun gidrometeorologiya xizmatining moddiy-texnik bazasi eskirgan. Ammo oʻsha 2000-yillarda mavjud uskunalar asosida tayyorlangan maʼlumotlar koʻpgina sohalar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgandi.

Misol uchun, qishloq xoʻjaligi ekinlari, jumladan, chigitni yerga qadash uchun tuproqda belgilangan namlik, ob-havo harorati kerak. U qaysi hududda qachon boʻladi? Bu gidrometeorologik maʼlumotlarda aks etadi. Shu maʼlumotlar asosida ish tashkil qilinishi ortiqcha ovoragarchiliklarga oʻrin qoldirmaydi. Qolaversa, sifat va samara ortishiga xizmat qiladi.

Aytilgan muddatda chigit ekilmagach, gʻoʻza unib chiqishi qiyinlashadi, hosildorlik kamayadi. Tuproqda namlik meʼyori boʻlsa-yu, ob-havo harorati meʼyordagidek boʻlmasa, yoki aksincha boʻlsa yana gidrometeorologiya maʼlumotlariga qaralardi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz bugun aksariyat mamlakatlarda katta pulga olinadigan, bizda esa qariyb tekin beriladigan gidrometeorologiya xizmatining qadri tushib ketganiga alohida eʼtibor qaratdi.

Har kim ob-havoga qiziqadi. Ammo ...

Eʼtibor qilganmisiz, dehqon ham, choʻpon ham osmonga qaraydi. Ob-havoning avzoyi uning ishini, kelgusida daromadini belgilaydi.

Aslida, gidrometeorologiya xizmati nafaqat qishloq xoʻjaligi, shu bilan birga energetika, transport va ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Misol uchun, biron binoga poydevor qurish uchun ham ob-havo maʼlumoti kerak. Chunki u yogʻingarchiliksiz oʻtgan 20-25 kunda qurisa mustahkam boʻladi.

Sohadagi 45 yillik faoliyatimdan bunga yuzlab misollar keltirishim mumkin. Misol uchun, 2008-yilgacha togʻlarda qancha qor borligi, birinchi vegetatsiya davrida viloyatimizga qancha suv kelishini gidrogeologlarimiz bilan oʻrganib kelardik.

Umuman, gidrologlar har bir soy, Zarafshonning har bir irmogʻi boʻyicha maʼlumot yigʻib, suvni qayerda qancha sarflash mumkinligi aytib beradi.

Agrometeorologlar tuproqning harorati, namligini oʻlchaydi. Bugun Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Oqdaryo, Nurobod tumanlari va Samarqand shahrida agrometeorologik stansiya va boʻlimlari bor. Kech kuzgacha oʻsimlikning rivojlanish jarayonini kuzatib, olinadigan hosilni prognoz qilib beradi. Aniqrogʻi, oʻsib chiqqandan rivojlanish fazasi toʻgʻri ketyaptimi, yoʻqmi kabi savollarga javob beradi.

Ular hatto lalmi joylardagi yaylovlarda qancha oʻt, qancha miqdorda oʻsishigacha maʼlumot qilib bera oladi. Afsuski, yillar davomida eʼtibor berilmagani oqibatida sohaning bu kabi muhim yoʻnalishlari zamondan orqada qolib ketdi.

Moddiy-texnik baza yetarlimi?

Yigʻilishda bu masalaga Prezidentimiz alohida eʼtibor qaratdi. Moddiy-texnik bazani kuchaytirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Bir qarashda oddiy tuyulgan masalaning zamirida shu yurt, shu xalq uchun kuyunchaklik yotganini hamma ham tushunavermaydi. Negaki, sanoat rivojlangani sayin yer usti suvlari va havoning ifloslanishi kuzatiladi. Ammo uni oldindan kim aniqlaydi? Tabiiyki, gidrometeorologiya xizmati.

Bugun Toyloq tumani Ravotxoʻja mahallasi, Farhod shaharchasi va Kattaqoʻrgʻon tumanida Zarafshon daryosi suvi oʻlchanadi. Tuproq tarkibi yilda ikki marta tahlil qilinadi. Ob-havoning tozaligi boʻyicha Samarqand shahrida 4 ta postimiz bor. Har kuni uch mahal laboratoriya tahlillari oʻtkaziladi. Shu orqali qaysi hududda qaysi bir ximikat koʻtarilayotgani haqida maʼlumotlar jamlanadi. Masalan, hozir havoning eng koʻp ifloslanishi avtotransport vositalaridan chiqayotgan gazlar bilan bogʻliq.

Davlatimiz rahbari xalqaro standart boʻyicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya boʻlishi zarurligini, amalda esa 335 tagina borligini qayd etdi. Demak, ularning soni yana-da koʻpaytiriladi.

Quvontiradigani shuki, 2022-yilda Samarqandda zaxira maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va saqlash boʻyicha mintaqaviy xab tashkil qilish haqida koʻrsatma berildi. Umuman olganda, Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadigan Oʻzgidrometning maqomini saqlab qolish uchun nimaiki kerak boʻlsa, qilinadigan boʻldi.

Uskunalarni kim ishlatadi?

Sobiq ittifoq davrida Odessa va Sankt-Peterburgda soha uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlanardi. Keyinchalik Oʻzbekiston milliy universitetda boʻlim ochildi.

Bildirgan takliflarimiz asosida Samarqand davlat universiteti geografiya fakultetida soha uchun kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Gidrometeorologiya kafedrasi bor. Ammo bu bugungi talabga javob bermaydi. Negaki, SamDUda har yili 25 nafar talaba qabul qilinadi. Buni koʻpaytirish boʻyicha taklif berganmiz. Hech boʻlmaganda sirtqi yoʻnalishda kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda. Kelgusi oʻquv yilidan bu gʻoya amalga oshadi, degan umiddamiz.

Bugungi kunda Ozarbayjonning Boku davlat universiteti SamDUning gidrometeorologiya fakulteti oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgan. Oʻtgan yili pandemiya sababli talabalar almashish imkoni boʻlmadi. Ammo karantin talablari yumshagach, qardoshlarimizni nafaqat osori-atiqalarimiz, balki tabiat va relyefimiz bilan tanishtiramiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi davlat mukofoti – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan gidrometeorolog faxriy unvoni joriy qilinayotgani soha xodimlariga boʻlgan yuksak eʼtibor gʻamxoʻrlik namunasi boʻldi.

Odil Mirzayev,

gidrometeorologiya faxriysi.