Aslida Oʻzbekistonda har kuni yoshlar kuni desak ham xato emas. Ishonchim komilki, ushbu nom shubhasiz tasodifan tanlanmagan – u prezidentimizning yoshlarga boʻlgan mehrini, Oʻzbekiston kelajagiga boʻlgan masʼuliyatini, ular olib borayotgan istiqbolli rivojlanish strategiyalarining prinsipial yondashuvini ifodalaydi. Davlatimiz rahbari boshidanoq, asosiy eʼtiborni yoshlarga qaratmoqda. Bu shuni anglatadiki, yoshlar muammosi mamlakat prezidentining doimiy diqqat markazida boʻladi.

Prezidentimizning biz, yoshlarni ertangi kunning egalari sifatida imkoniyatlar bilan siylayotgani, bugun biz, yoshlarga qanchalik maʼnaviy, ruhiy jihatdan qanot boʻlishini tasavvur ham qila olmaysizlar. Qadrli tengdoshlarim bu imkoniyatlarga javoban kelajagimiz shunchalik yorqin boʻlsinki, ushbu qaror qanchalar toʻgʻri boʻlganligini amalda isbot qilaylik. Bugungi Murojaatnomada yoshlarni zikr etilishi Oʻzbekistonning 10 milliondan ortiq fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizidan koʻprogʻini tashkil etuvchi yoshlarga nisbatan ishonchdir.

Qolaversa ushbu yil nomi davlat siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan eng ustuvor vazifalarni qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir.

Quvonarlisi shundaki, yoshlar hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoitlar yaratish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, ularning tashabbuslarini ragʻbatlantirish uchun davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi darajasida eʼtibor qilinmoqda.

Mustaqillikning soʻnggi yillarida yurtimiz yoshlariga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning cheki yoʻqdek goʻyo. Islohotlar koʻlami shunchalik kengki, mening nazarimda ularni bir yoki bir nechta deb sanab boʻlmaydi. Bugungi yoshlar mustaqillik yillarida voyaga etmoqda. 2021-yil yoshlar hayotining ajralmas bir boʻlagiga aylanishiga ishonaman. Soʻnggi yillarda yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar yoshlarni harakatga undamoqda. Endi ulardan foydalanib, yuksak natijalarga erishish kerak xolos. Ana shundagina amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini beradi.

Yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtiruvchi, ularni uyushgan yoki uyushmagan deb emas, balki har biri Oʻzbekiston taqdirini belgilashda oʻz oʻrniga ega avlod sifatida qoʻllab-quvvatlovchi ushbu yil islohotlarning bayroqdori boʻldi. Bugun yurtimizda hech bir tashkilot yoki muassasa yoʻq-ki, ularning faoliyati yoshlar masalasi bilan bogʻliq boʻlmasa. Shunday ekan, qadrli tengdoshim, ukalarim-singillarim amalga oshirilayotgan islohotlarning yetakchisi boʻlaylik. Prezident ishonchiga munosiblik yoʻlida izlanaylik. Buyuk kelajak bunyodkorlariga zarur imkoniyatlar yaratilayotgan ekan, unga munosib javob qaytarish – Vatan taraqqiyotiga qoʻshilgan munosib hissadir!

Kamola Abduvaliyeva,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi,

“Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi