Prezident Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘ydi

    Hukumat 31 Avgust 2022 10026

    Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

    Bu majmua 2021-yilda, istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan edi. Unda mamlakatimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kungacha bo‘lgan eng muhim voqealar, buyuk alloma va jahongir bobolarimizning siymolari aks ettirilgan. Monumentning eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan.

    “Mustaqillik monumenti – ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida” degan edi Shavkat Mirziyoyev.

    Marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etib, monument poyiga gullar qo‘ydi.