Prezident nima uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil qilinganini aytdi

    Hukumat 10 Yanvar 2023 3246

    “Navoiy, Buxoro Toshkent viloyati va Samarqandda sanoatdagi o'sish menga ma'qul emas”, - dedi Prezidentimiz.

    Qoraqalpog'iston, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg'ona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel` ishlab chiqarish salohiyati etarlicha ishga solinmagan.

    Umuman, 20 ta tuman va shaharda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2021 yilga nisbatan kamaygan. Farmatsevtikada ishlab chiqarish 6 foizga kamaygan, import 2 milliard dollarga yaqinlashdi.

    Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot eksporti bor-yo'g'i 68 million dollarni tashkil etib, bu tarmoq salohiyatiga umuman to'g'ri kelmaydi. Oziq-ovqat sanoatida o'tgan yilda ishlab chiqarish hajmi atigi 4,5 foizga o'sgan. Xorazm, Sirdaryo va Qashqadaryoda qayta ishlash quvvatlari pastligicha qolmoqda.

    Prezident o'z Murojaatnomasida sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha katta rejalarni belgilab berdi.

    Unda har bir tumanga 50 million dollar investitsiya olib kelish vazifasi qo'yildi.

    “Bu – har bitta tumanda qo'shimcha kamida 5 mingta ish o'rni va 20 milliard so'm soliq tushumi paydo bo'ladi, degani”, - dedi davlatimiz rahbari.

    Bu ishlarni tizimli tashkil qilish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil qilindi. Vazir Qudratov, hokimlar va tarmoq rahbarlari bu ishlarni to'g'ri tashkil qilsa, 2023 yilda sanoatda o'sishni 14 foizga olib chiqish mumkinligi ta'kidlandi.