Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov maʼlum qildi.
"Daraxtni noqonuniy kesganlik uchun AQSHda 100 ming, Fransiyada 150 ming, Saudiyada 8 million AQSH dollarigacha jarima belgilangan. Bizda bu harakat uchun 1000 AQSH dollarigacha jarima koʻzda tutilgan qonun Prezident tomonidan rad etildi. Eʼtiroz toʻgʻri, qonunni qayta koʻramiz", deb yozgan Alisher Qodirov.
Eslatib oʻtamiz, Senatning 3-maydagi majlisida maʼqullangan qonun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartishlar kiritilgan edi. Xususan, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va yosh nihollarni noqonuniy kesish, ildizi bilan sugʻirib olish, shikastlash, nobud qilish yoki koʻchirib oʻtkazish uchun fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (avval 5 baravaridan 10 baravarigacha edi), mansabdor shaxslar uchun esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (avval 10 baravaridan 15 baravarigacha edi) jarima belgilanishi koʻzda tutilgan edi.