– Endi vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga hech kim aralashmaydi. Bosh shifokorlar, vrach yoki boshqa tibbiyot xodimlari ularga tegishli boʻlmagan birorta qoʻshimcha ishlarga jalb qilinmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qoʻyish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qoʻyish va yoʻllanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika boʻyicha juda koʻp vazifalar yuklatilgan.

Shu bois davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish zarurligini aytdi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj boʻyicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar oʻzlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan taʼminlanadi.

5 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador, tugʻish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Kasallikka moyil boʻlganlar individual patronajga olinadi.