“Sizning bevosita rahbarligingizda doʻst Xitoy xalqi soʻnggi yillarda ulkan yutuq va olamshumul muvaffaqiyatlarga erishib kelmokda. Aholini kambagʻallikdan chiqarish, qashshoqlikka barham berish, oʻrtacha farovon jamiyat qurish jarayonlarini yakuniga yetkazishga qaratilgan keng miqyosdagi islohotlar samarali amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Sizning shaxsan eʼtiboringiz tufayli Oʻzbekiston - Xitoy munosabatlari har tomonlama mustahkamlanib, sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilib bormoqda.

Yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifim yakunlari hamda Sian shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti doirasidagi sermazmun muzokaralarimiz natijalari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishi shubhasiz”, - deyiladi, jumladan, davlatimiz rahbarining maktubida. 

Prezidentimiz Si Szinpinni Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etib, unga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, gʻoyatda masʼuliyatli va sharafli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa bardavom tinchlik-omonlik, fayzu baraka va farovonlik tiladi.