Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball toʻpladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizgʻin tabriklab, ota-onasi va oʻqituvchilariga minnatdorlik bildirdi.
Yana bir ibratli misol – “Kitobsevar millat” gʻoyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. Anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetdi.
Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan “Mutolaa” loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga kirdi.
Hozirgi tezkor axborot almashinuvi davrida yosh avlod, ayniqsa, bolajonlarimiz uchun milliy kontentlarni yaratish dolzarb vazifadir. Bunday kontentni bogʻcha va maktabdagi taʼlim jarayonlarida namoyish etish orqali yanada ommalashtirish zarurligi taʼkidlandi.