Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, Oʻzbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari joy oldi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror bilan jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarning saylov davridagi vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda. Unga koʻra Oʻzbekiston Prezidenti saylovini oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim oʻz faoliyatini saylov komissiyalari bilan hamkorlikda tashkil etadi, saylov byulletenlari olingan kundan boshlab byulletenlar hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binoning qoʻriqlanishi, shuningdek okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari kuzatuvi ostida saylov natijalariga doir hujjatlarni tashishda xavfsizlikni taʼminlaydi.
Shu bilan birga, saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻradi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimga saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga taʼsir oʻtkazish, saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan uning majlislarida hozir boʻlishga, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taqiqlanadi.
Qayd etilganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 156 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Belgiya, BAA, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xindiston, Chexiya, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlardan jami 156 nafar xalqaro kuzatuvchi roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 380 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.
Qayd etilganidek, oʻtgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 6 ta mahalliy Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi bir ovozdan maʼqullandi hamda jami 23 nafar mahalliy OAV vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Endilikda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1357 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida 4-Jizzax, 6-Namangan, 13-Qashqadaryo va 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiya raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hisobotlari tinglandi.