Biroq bu masalaga ikki oy davomida birorta masʼul eʼtibor qaratmagan, murojaatga esa yuzaki javob berilgan. Holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablagʻ ham topilgan, koʻprik ham qurilgan.
Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida Prezident bu masalaga eʼtibor qaratib, murojaatlar bilan ishlashdagi bunday kamchiliklar odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazayotgani koʻrsatib oʻtdi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizda har oʻn ming kishiga oʻrtacha 319 ta ariza va shikoyat toʻgʻri kelmoqda.
Lekin bu koʻrsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.
Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangiyer shaharlarida har oʻn ming aholiga toʻgʻri keladigan arizalar soni boshqa tumanlardan 2 barobar yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi.
Yoki murojaatlar soni respublikada 16 foizga kamaygani bilan Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqalʼa tumanlari, Namangan shahrida oldingi yildan 50 foizgacha oshgan.
Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Boʻstonliq tumanlari, Angren, Gʻozgʻon shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul oʻtkazdim deb yurgani tanqid qilindi.
Oʻtgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning oʻzi rahbar qilib tayinlangandi. Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryoda rahbarlarning oʻzi shugʻullangani uchun hududidagi murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi koʻtargan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal boʻlayotgani taʼkidlandi. Lekin qolgan hokimlar va ayrim vazirlar hali bu borada keskin oʻzgarish qilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan koʻpi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar koʻpaygan.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro byurosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sogʻliqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli ekani qayd etildi.