«Keng koʻlamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim taʼkidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam.
Shu bois tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi boʻgʻingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi boʻlishi shart», — dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan koʻproq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularni dardi bilan yashashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi aʼzolari davlat va tadbirkorlar oʻrtasida koʻprik boʻlib, aniq takliflarni oʻrtaga qoʻyib kelayotgani alohida taʼkidlandi.
Natijada joriy yilning oʻzida tadbirkorlar faoliyati uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
Prezidentimiz kengash aʼzolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga ana shunday faollik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.