Prezident tashabbusi: uy-joylar qurilishi boʻyicha yirik loyiha boshlanmoqda

    Mamlakatimizda 31 Oktabr 2020 4861

    Yaqinda Prezidentimiz qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishib, besh qavatli arzon uylarni mamlakatimizning aholi zich joylashgan barcha hududlarida qurish zarurligini taʼkidlagandi.

    Shu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Qurilish vazirligida viloyat hokimlarining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda shahar va tumanlardagi uy-joyga ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirish, yer maydonlarini aniqlash va shular asosida qaysi hududga qancha uy qurish zarurligi boʻyicha takliflarni ishlab chiqish masalalari koʻrildi.

    Shuningdek, sifatiga taʼsir qilmagan holda uylarni arzonlashtirish, muhtoj oilalar uchun munosib shart-sharoit, ayniqsa moliyaviy qulaylik yaratish zarurligi alohida qayd etildi.

    Maʼlumki, Sardoba hamda Mirzaobod tumanlarida qisqa muddatda 86 ta besh qavatli uy qurib bitkazildi. Qurilishi rejalashtirilayotgan ushbu arzon uylarni barpo etishda aynan Sirdaryo tajribasidan foydalaniladi.

    Uylar 1 podezd, 5 qavat va 20 ta xonadondan iborat boʻladi. Loyihada barcha kommunikatsiya tarmoqlari koʻzda tutilgan boʻlib, uylarni arzonlashtirish va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qator omillar mavjud. Xususan, xonadonlarning joylashuvi va xonalarning ichki maydoni maqbullashtirilib, hovli va yoʻlaklarga sensorli elektr chiroqlari qoʻyiladi. Hisoblagichlar ham har joyda emas, balki bir joyga toʻplanadi. Yuvinish xonasi ham optimallashtiriladi. Barchaga qulay boʻlishi uchun birinchi qavat zinalari tashqariga chiqarilib, nogironligi boʻlganlar uchun panduslar quriladi.

    Qurilish vazirligida oʻtgan uchrashuvda taʼkidlandiki, mazkur arzon uy-joylarning narx-navosi, ipoteka shartlari, tartibi yaqin kunlarda oydinlashadi. Hozirda Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari birgalikda ish olib bormoqda.

    Shuningdek, uchrashuvda hududlarda investitsiya dasturlariga kiritilgan qurilish loyihalarning bajarilishi tanqidiy koʻrib chiqildi. Mavjud muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.

    Qurilish vazirligi matbuot xizmati