Toshkent viloyati IIBB boshligʻi polkovnik Tohir Aripov boshchiligidagi tezkor shtab masʼullari Chirchiq shahar “Iftixor” MFYdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, hududni namunali mahallaga aylantirish yuzasidan bir qator ishlarni olib bormoqda.

IIBB boshligʻi dastlab, mahalla hududini yayov aylandi. Har bir koʻcha, koʻp qavatli uy, bogʻcha va maktab, dala hovli va suv havzasi atroflarini yana bir bor koʻzdan kechirdi. Ushbu joylarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha masʼullarga alohida topshiriqlar berilib, ijrosi nazorat qilinmoqda.

Tadbirga viloyat, shahar IIO xodimlari bilan birga qator tashkilotlardan 200 ga yaqin ishchi kuchi va 100 ga yaqin texnikalar jalb qilindi.

Jumladan, oʻtgan bir hafta davomida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududdagi 1000 metr masofadagi ichki ariqlar tozalanib, koʻchalar tekislandi. 63 ta eski tipdagi avtoturargohlarning oʻrniga yangisini qurish rejasi tasdiqlandi.

Mahallada mavjud 400 ga yaqin daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Koʻp qavatli uylar ham qayta koʻzdan kechirilib, kamchiliklari bartaraf etildi, koʻchalarga tungi chiroqlar oʻrnatildi.

Shu bilan birga, viloyat IIBB boshligʻi mahalla aholisi bilan suhbat oʻtkazdi va ularning murojaatlarini tingladi. Oʻndan ortiq murojaat shu yering oʻzida oʻrganilib, ijobiy hal etildi.

Aholining asosiy muammolari uy-joy, bandlik va kadastr yuzasidan boʻlgan boʻlsa, “Yoshlar” “Ayollar” va “Temir” daftardagi bir fuqaro bilan alohida suhbat qilinib, muammoni ijobiy hal etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, hozirda aholining ichki ishlar organlari bilan bogʻliq murojaatlari bilan tegishli xodimlar shugʻullanib, joyida hal etish choralari koʻrilmoqda.

Mahalladagi ijtimoiy-madaniy muhitni yaxshilash va davlat rahbari bergan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan bu yoʻnalishdagi ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

IIBB Axborot xizmati