Prezident tavsiyasi bilan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi O‘zMUga grant asosida qabul qilindi

    Ta'lim 30 Iyul 2021 1545

    21-sonli Mehribonlik uyiga O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibroxim Yuldashev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Mamirjon G‘aniyevlar tashrif buyurdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining talabalikka qabul bo‘yicha granti sovrindori Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Novoselova Milena Alekseyevna O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya: amaliy psixologiya yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

    - Kecha hurmatli Prezidentimiz bu yerga tashrif buyurganlaridan keyin hali ko‘p masalalar yechilishi kerak, qancha vazifalar borligini shu yerni o‘zida bolalarning ko‘zidan ko‘rinib turganini, shu yerdagi yoshlarimizni voyaga yetkazish uchun bu ertangi mehnatga o‘rgatish, mana shu vatanda, shu yurtda kim qaraydigan, kim ardoqlaydigan, kim tarbiyalaydigan, bilimini berib, ertaga mehnatini o‘ylaydigan davlat borligini, Prezident borligini – buni hammasini his qiladigan qilib tarbiyalash, qolaversa ertaga vatanparvarlik hissi mutlaqo bir yangi yo‘nalishdagi tarbiya tizimi kerak bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar. Bu yerda bitiruvchilarni hattoki qayerga oliy o‘quv yurtlariga joylashishi bo‘yicha yechim berib grant ajratdilar. Men hayron qolganim, bu grantlarni bittasi madaniyat sohasi, bittasi ta’lim sohasida. Milena ismli qizimiz 5 ta oliy o‘quv yurtining hammasiga psixologiya yo‘nalishini ko‘rsatgan. Bizning universitetda amaliy psixologiya bor. Mana shu yo‘nalishda ham psixolog mutaxassisi, ham pedagog mutaxassisi kadrlar tayyorlanadi. Milena kechadan boshlab bizning talabamiz! Talabalik guvohnomasi bilan endi universitet har qaysi xonasiga, har qaysi kafedrasiga, axborot resurs markaziga bugundan kelishingiz mumkin. Universitetga xush kelibsiz, - dedi Inom Majidov.

    Tadbir yakunida O‘zMU rektori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining talabalikka qabul bo‘yicha granti sovrindoriga sertifikat, talabalik guvohnomasi, elektron bazalardan foydalanish uchun planshet va kitoblar sovg‘a qildi.

    O‘zMU Axborot xizmati