Tomonlar mazkur yigʻilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil toʻlishi arafasida oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladilar.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi oʻxshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Parlamentlararo aloqalar, jumladan, doʻstlik guruhlari doirasida faollashdi.
Oʻzaro savdo hajmi, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma korxona va loyihalarning soni izchil ravishda oʻsib bormoqda.
Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar roʻyxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yoʻnalishlari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.
Qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, sogʻliqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Turizm yoʻnalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini oʻtkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros obyektlarini hamkorlikda tiklashga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda toʻrtinchi Rektorlar forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Qoʻshma hukumatlararo komissiya hamraislarining koʻp qirrali hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yigʻilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdogʻanga Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.