Prezident xalq qabulxonasi: besh yilda qanday tizimli muammolar hal etildi

    Ijtimoiy hayot 26 Yanvar 2022 8779

    Bugun plastik kartadagi mablagʻni barchamiz hech bir muammosiz naqd qilib olamiz.

    Bunga koʻnikib ham ulgurdik. Vaholanki, besh yil avval oylik, nafaqa, pensiya yoki stipendiya hisobiga kun koʻradigan insonlarning qoʻli deyarli pul koʻrmasdi. Ishlaydigan bankomatning oʻzi yoʻq edi. Eng yomoni, bozor yo doʻkonda plastik karta orqali mahsulot sotib olmoqchi boʻlgan odam 15-20 foiz qimmat toʻlashiga toʻgʻri kelardi.

    Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot tizimiga asos solgach, dastlabki besh oyning oʻzida Prezident virtual qabulxonasiga bu masalada kelib tushgan 7 mingdan shikoyatlar ham tahlil qilindi, oʻrganildi va albatta mazkur soha isloh etildi. Natijada mamlakatimizda narx-navoning naqd pul va naqd pulsiz shakli oʻrtasida farq qolmadi. Shu bois ham 2018-2021-yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar odamlar roziligisiz plastik kartochkaga toʻliq oʻtkazib yuborilayotgani haqida deyarli murojaat kelib tushmadi.

    Albatta, bu – Xalq qabulxonalari instituti amalda berayotgan natijalarga birgina misol, xolos. Xalq bilan muloqotning bu noyob tizimi tufayli murojaatlar bilan ishlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Har bir yurtdoshimiz va xorijlik fuqarolar uchun bevosita davlat rahbariga murojaat etish imkoniyati paydo boʻldi.

    2017-2021-yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 million 780 mingdan ziyod murojaatlar koʻrib chiqildi, shundan 3 million 288 mingdan ortigʻi qanoatlantirildi. Murojaatlarning toʻliq, oʻz vaqtida va qonuniy oʻrganib chiqilishi natijasida ularni qanoatlantirish darajasi ham yil sayin oshib bormoqda. Xususan, bu koʻrsatkich 2017-yilda 47,5 foiz, 2018-yilda – 53,9, 2019-yilda – 60,9, 2020-yilda 60,4 foiz boʻlsa, 2021-yili 86,7 foizni tashkil etdi. Hal boʻlgan har bir murojaat ortida esa nainki bir kishi, balki bir qancha oilalar taqdiridagi oʻzgarishlar mujassam.

    Murojaatlar tahlili dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini shakllantirishga asos boʻla boshladi. Murojaatlar tahlili asosida soʻnggi besh yilda chegaralar ochilishi, yaqin qoʻshnichilik aloqalari tiklanishi, fuqarolik, propiska tizimlari, afv etish, pensiya, valyuta siyosatini isloh qilish, buziladigan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish va boshqa masalalar boʻyicha qabul qilingan muhim hujjatlar xalqning davlatdan rozi boʻlishiga, tizimli muammolar hal qilinishiga xizmat qildi. Qator masalalar boʻyicha murojaatlar deyarli barham topgan boʻlsa, oʻnlab sohalar boʻyicha murojaatlar keskin kamaydi.

    Yana bir masala – fuqarolik olish masalasida ham koʻplab arizalar kelib tushardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston fuqaroligini olish tartiblari yengillashtirilgani esa shu masalada murojaat qilgan 100 mingdan ziyod oilalarni rozi qilish imkonini berdi.

    Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari ish boshlaganda, valyuta konvertatsiyasi boʻyicha juda koʻplab shikoyatlar kelib tushardi. Chunki uzoq vaqt Oʻzbekistonda valyutaning erkin konvertatsiyasi boʻlmagani aholiga, ayniqsa, tadbirkorlarga katta qiyinchilik tugʻdirgan. Bu boradagi murojaatlar tahlilidan soʻng davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har qancha ogʻir-murakkab boʻlmasin, valyuta bozori liberallashtirildi. Konvertatsiyaning yoʻqligiga bogʻlangan iqtisodiyotning eski modelidan butunlay voz kechildi. Natijada, valyuta konvertatsiyasi boʻyicha 2017-yilda 22 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018-yilda 124 tani, 2019-yili 156 tani, 2020-yilda 101 tani, 2021-yilda esa 33 tani tashkil qildi.

    Toshkent shahri va Toshkent viloyatida “propiska” tizimi tubdan isloh qilinishini koʻplab yurtdoshlarimiz koʻp yillar nihoyatda intiqlik va orziqish bilan kutgani rost. Birgina shu tizimdagi islohotlar oʻz davlatimizda emin-erkin harakatlanishimiz, yashash va ishlash joyimizni ixtiyoriy tanlashimiz mumkinligi barobarida, konstitutsiyaviy huquqlarimiz ogʻishmay taʼminlanishini ham kafolatlab berdi.

    Aholi murojaatlari asosida yoʻlga qoʻyilgan yana bir mexanizm tufayli soʻnggi besh yilda 11 ming 70 nafardan ziyod uy-joysiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bor shaxslar, Mehribonlik uylari bitiruvchilari, ogʻir ahvoldagi xotin-qizlar imtiyozli kredit yoki doimiy foydalanish huquqi asosida uy-joy hamda doimiy ish bilan taʼminlangani inson qadrini yuksaltirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, aholining ehtiyojmand qatlami vakillariga koʻrsatilayotgan cheksiz mehr-gʻamxoʻrlikning oliy namunasidir.

    Prezident virtual qabulxonasida har kuni har bir masala shu murojaat egasining rozilik-minnatdorlik xati asosida nazoratdan yechiladi. Shu maʼnoda bugunga qadar qanoatlantirilgan 3 million 288 mingdan ortiq murojaat zamirida muammosi hal boʻlgan shuncha odamning hayotdan, davlatdan roziligi mujassamdir.

    Albatta, hayot shiddati, oʻzgarayotgan davr talabi, davlatimiz rahbari belgilab bergan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi xalq bilan muloqotning yangi-yangi ufqlarini belgilamoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davri asosini tashkil qilayotgan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili bugun Prezident Xalq qabulxonalari faoliyati uchun ham dasturilamalga aylangani har bir mahallaga, har bir xonadonga, har bir oilaga kirib borish, har bir inson qalbiga yoʻl topishga xizmat qilmoqda. Xalq qabulxonalari xalq ovozini ifoda etadigan jamoatchilik nazoratinining oʻzagiga, xalq nazorati mexanizmiga aylanmoqda. Odamlar roziligini esa faqat va faqat amaliy ishlar bilan qozonish mumkin.