Bunga Qashqadaryo viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining davlatimiz rahbari nomiga yordam soʻrab murojaat yoʻllagan 21 nafar ishchi-xodimi ham oʻz hayoti misolida guvoh boʻldi. Gap shundaki, tegishli hujjatlarga muvofiq, 2020-yilda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, uning hududiy boʻlinmalari, sanitariya-epidemiologiya inspeksiyasi tugatilib, oʻrniga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatlari tashkil etilgan. Ish beruvchi tomonidan tashkilot tugatildi degan vajlar bilan 21 nafar ishchi-xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Aslida esa hujjatlarda koʻrsatilganidek yangi tashkil etilgan tashkilot tugatilgan tashkilotning majburiyatlari va shartnomalari ijrosi boʻyicha huquqiy voris deb hisoblanadi. Ommaviy qabulda fuqarolarning shu masaladagi arizalari Qarshi tumani sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan sayyor sud tartibida koʻrib chiqildi. Ishdan nohaq boʻshatilgan 21 nafar kishi voris tashkilotga ishga tiklanib, maʼnaviy zarar ham undirib berildi.

Ommaviy qabul jarayonlarida Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining appelyatsiya tartibidagi ochiq sud majlisida nohaq ayblanib, jarima jazosi tayinlangan 2 nafar shaxsga doir ish ham koʻrib chiqildi. Ular 2015-yilda tazyiqlar ostida berilgan guvohliklar, asossiz koʻrsatmalar boʻyicha Surxondaryo viloyat sudining hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Yaʼni, oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilganlikda, pora olish va berishda vositachilikni amalga oshirganlikda ayblanib, sudlangan. Ularning murojaatlari asosida olib borilgan qoʻshimcha tekshiruvlar, sud jarayonlari natijasida aybsizligi oʻz isbotini topdi va reabilitatsiya qilish yoʻli bilan oqlandi.
Mirishkor tumani Ayzabod mahallasida istiqomat qiluvchi Yulduz Normurodova ham katta umidlar bilan ommaviy qabulga keldi. Maʼlum boʻlishicha, uning toʻngʻich oʻgʻli 21 yoshida 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayni paytgacha jazo muddatining 6 yilini oʻtagan farzandiga yengillik berishni soʻrab, Oliy sudga murojaat qildi. Uning arizasi Oliy sudda kassatsiya tartibida koʻrib chiqilishi ayolga umid baxsh etdi.

Qarshi shahridagi “Yuksalish Baraka omad” MCHJ rahbari Bunyod Pattayevning jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tumani sudining qaroridan norozi boʻlib yozgan kassatsiya shikoyati esa Oliy sud tomonidan qabul qilinib, koʻrib chiqilishi bildirildi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida yuzaga kelgan nizoli ishlarni koʻrishda imkon qadar taraflarni kelishtirishga eʼtibor qaratilmoqda. Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasining daʼvogar Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi qoshidagi Qurilish-montaj-taʼmirlash boshqarmasi unitar korxonasi manfaatini koʻzlab javobgar “RAVON STROY CITY” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan 2 milliard 878 million soʻmdan ziyod mablagʻni undirish yuzasidan sud tashabbusi boʻyicha tomonlar oʻrtasida nizo bartaraf etilib, kelishuv bitimi tuzilishiga erishildi.
Xitoylik investor tomonidan kiritilgan daʼvo arizasi esa qanoatlantirilib, investor ishtirokidagi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi foydasiga 13 milliard 174 million soʻmdan ziyod mablagʻni undirish toʻgʻrisida iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining hal qiluv qarori qabul qilinib, investorning huquqlari tiklandi.
Fuqarolar murojaatlari yuzasidan ommaviy qabullarning oʻzida sayyor sudlar tashkil etilib, muammolar hal etildi. Jumladan, Qarshilik Gulsara Xudoyberdiyeva uzoq yillar xoʻjalikda sogʻuvchi boʻlib ishlagan. Ammo ish haqiga doir hujjatlarda uning familiyasi notoʻgʻri yozilgan. Natijada pensiya tayinlashda muammolar yuzaga kelgan. Uning arizasi oʻrganilib, hujjatlarda qayd etilgan ish haqi haqidagi maʼlumotlar Gulsara Xudoyberdiyevaga tegishli ekani fakti sud tartibida belgilandi. Xuddi shu tarzda 19 nafar fuqaroning pensiya taʼminoti bilan bogʻliq nizolari ham hal qilindi.

Qarshi shahrilik Dilafroʻz Xoʻjamurodova uyi yoʻqligi sababli 12 yildan buyon oilaviy yotoqxonada yashaydi. 4 nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi vafot etib, oila tashvishi, farzandlar tarbiyasi yolgʻiz oʻzining zimmasiga tushgan ayol ommaviy qabulga yashab turgan turar-joyini oʻz nomiga rasmiylashtirib berishda yordam soʻradi. Dilafroʻz Xoʻjamurodova hamda oilaviy yotoqxonada yashab kelayotgan yana 2 nafar ayolning murojaati ijobiy hal etildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida servis xizmati koʻrsatuvchi korxonalardan birida huquqshunos-maslahatchi boʻlib ishlagan mirishkorlik Zulxumor Hamrayeva 2018-yilda ishdan boʻshatilgan. Ommaviy qabulda bu fuqaroning ham mehnat nizosi boʻyicha shikoyat arizasi qabul qilindi va nazoratga olindi.
Ommaviy qabullar jarayonida Oliy sudga 886 ta murojaat tushgan boʻlsa, ularning 278 tasi joyida hal etildi, 280 ga yaqiniga asoslantirilgan tushuntirishlar berildi. Ijro uchun nazoratga olingan 239 ta murojaatdan 134 tasi boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi. 18 ta fuqaroning arizasi viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida koʻrish uchun qabul qilindi. 14 ta murojaat boʻyicha daʼvo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga qabul qilinib, nazoratga olindi. 141 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 29 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarildi.
Ommaviy qabullarda Bosh prokuraturaga 360 nafar fuqaro turli masalalarda murojaat qilgan boʻlsa, shundan 62 ta masala joyida hal qilindi. Murojaatlarning asosiy qismi tergov va surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy, uy-joy, moddiy yordam, kommunal soha yuzasidan boʻldi. Ish masalasida murojaat qilgan 21 nafar fuqaroning 4 nafari oʻziga maʼqul boʻlgan korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilgan boʻlsa, 17 nafari kasbga oʻqitishga yoʻnaltirildi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul jarayonlarida 155 nafar fuqaro bilan muloqotlar oʻtkazilib, ular tomonidan bildirilgan 49 ta masala joyida ijobiy hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 101 ta murojaat koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.
Qamashilik Turdimurod Haydarov Gʻuzor tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimida qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi sud organlariga oʻtkazilmasdan qolib kelayotganini aytib, eʼtiroz bildirdi. Ushbu holat yuzasidan tergov xizmati masʼullari va tergovchilarning hisoboti eshitilib, shu kunning oʻzida ish sud organlariga yuborildi. 22 nafar shaxsni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish boʻyicha sudlarga taqdimnoma kiritilib, ular jazodan ozod etildi, 36 nafar fuqaroga nisbatan fuqarolik hujjatlari rasmiylashtirilib, ularga ID karta topshirildi.
“Koʻhna voha tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Obidjon Xudoyberdiyev esa bojxona xizmati masʼullariga xorijdan olib kelingan mandarin mahsulotini oʻz omboriga bojxona taʼminlov soʻmmasisiz tushirishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Mahsulotni sifatli saqlash uchun jamiyatga qarashli omborda sharoit mavjudligi hisobga olinib, murojaat qanoatlantirildi.
Gʻuzor tumanida yashovchi Dilfoʻza Meylanovaning 8 yillik muammosi yechim topdi. 2012-yilda uy sharoitida tugʻilgan farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnomani ololmayotgan ayolning muammosi adliya organlari tomonidan oʻrganilib, farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Ommaviy qabullar davomida 50 dan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 30 ga yaqin murojaatchiga imtiyozli kredit, 25 nafariga davolanish uchun order ajratildi. Ehtiyoji boʻlgan fuqarolarga nogironlik aravachalari, protez-ortopediya buyumlari topshirildi.
Umumlashtirib aytganda, Qashqadaryo vohasi boʻylab kechgan jonli muloqotlar asnosida 1 ming 655 kishi koʻtargan 1 ming 678 ta masala oʻrganilib, ularning 572 tasi joyida hal etildi. 524 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, qoʻshimcha vaqt va oʻrganish talab qiladigan 582 ta murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.