Prezident yangi fabrika qurilishini borib koʻrdi

    Hukumat 22 Dekabr 2021 5093

    Davlat rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi.

    Ushbu inshootga joriy yil 29-iyul kuni tamal toshi qoʻyilgan edi. Bugungi kunda 107 gektar maydonda fabrikaning poydevor qismi qurilmoqda.

    Bu loyihaning qiymati 2 milliard dollar boʻlib, bugungi kunda 861 million dollar oʻzlashtirilgan. Loyihalashtirish ishlariga Italiyaning “Wood” hamda loyihani texnik jihatdan baholash va qabul qilishga Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyalari jalb qilingan.

    Direksiya binolari va quruvchilar uchun shaharcha foydalanishga topshirilgan boʻlib, yana bir shaharcha qurilishi davom etmoqda.

    Yana bir muhim tomoni, xarajatlarni kamaytirish maqsadida fabrika yonida metall konstruksiyalar zavodi barpo etilmoqda.

    Yangi fabrikada ruda omborlari, maydalash, yanchish va flotatsiya binolari, gidrometallurgiya sexi, taʼmirlash ustaxonalari, chiqindi xoʻjaligi va boshqa obyektlar boʻladi. Ish jarayoni zamonaviy uskunalar yordamida boshqariladi. Bu, inson omilini kamaytirib, mahsulot sifati va ish xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari bu yerdagi qurilish ishlarini jadallashtirib, 2023-yil yakuniga qadar ishga tushirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

    Shu yerdagi shaharchada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030-yilgacha rivojlantirishga doir rejalar muhokama qilindi.

    Kombinatning JORC kodeksi boʻyicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030-yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish boʻyicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Avvalo, kombinatni transformatsiya qilish doirasida boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini raqamlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish zarurligi taʼkidlandi.

    - Eng asosiysi, kelgusi ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, uni davlat yordamisiz ishlay oladigan, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish asosiy vazifa boʻlishi kerak, - dedi Prezident.

    Davlatimiz rahbari 3-mis boyitish fabrikasini qurish bilan parallel ravishda 4-fabrikani ham loyihalashtirish muhimligini taʼkidladi. Buning natijasida rudani qayta ishlash hajmi 160 million tonnaga yetib, 3-martaga koʻpayishi mumkin.

    Yigʻilishda mis klasteri tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

    Bugungi kunda misni qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 76 million dollarlik 22 ta loyiha shakllantirilgan.

    Shuningdek, Prezidentimizning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi chogʻida Toshkent viloyatida Yarimoʻtkazgichlar va elektronika klasterini tashkil etishga kelishilgan.

    Davlatimiz rahbari shu boradagi ishlarni jadallashtirib, elektr texnikasi, energetika, avtomobil sanoati uchun talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

    Shu yerda mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot boʻldi.

    - Kombinatni, albatta, zoʻr qilamiz. Lekin avvalo odamlar rozi boʻlishi kerak. Uyi yaxshi, suvi chuchuk, elektri oʻchmaydigan, ishi daromadli boʻlishi lozim. Buning uchun mahallada qanday muammolar borligini, ularni hal qilib, odamlarga sharoit yaratish uchun nima kerakligini sizlar aytishingiz zarur. Shuning uchun ochiq muloqot qilsak, foydali boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Hokim yordamchilari oʻzlari masʼul boʻlgan mahallada ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish boʻyicha rejalarini soʻzlab berdi. Davlatimiz rahbari ularga ishonch bildirib, takliflarini qoʻllab-quvvatladi.