Yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham ulkan qadamlar qoʻyilmoqda. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilmoqda.
Kelgusida bunday qurilishlar koʻlami yanada kengaytirilishi taʼkidlandi.
«Ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga barchamiz yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.
Siz, azizlarning elimiz dasturxonini yanada toʻkin va farovon qilishdek ezgu ishlaringizda zafar va omadlar tilaymiz. Chunki sizlarning olijanob mehnatingiz bilan xalqimizning rizqu nasibasi butun boʻladi. Bu borada davlatimiz, jamiyatimiz sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi», – dedi Prezidentimiz.
Yangi Oʻzbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta gʻalabalar maydoniga aylanib bormoqda. Har bir yoʻnalishda – taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo boʻlmoqda. Mana shunday bilimli, joʻshqin va izlanuvchan oʻgʻil-qizlar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
«Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha-qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni roʻyobga chiqarishga sizlar, shubhasiz, qodirsiz.
Bugungi tinch va osoyishta hayotning, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz, kelajak, albatta, siznikidir.
Bu yoʻlda sizlarga, butun Oʻzbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur boʻlsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun deb yashasangiz, Vatan va xalq ham sizni eʼzozlab, boshiga koʻtaradi!
Yangi Oʻzbekistonning oltin avlodi boʻlib, uning zafar bayrogʻini baland koʻtarishdan hech qachon toʻxtamang, aziz farzandlarim!» – dedi davlatimiz rahbari.