Kecha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu davlatimiz rahbari tomonidan “Bagʻdod tajribasi” sifatida eʼtirof etildi
Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov deyarli har kuni ushbu hududdagi qurilish jarayoni bilan tanishadi. Bugun viloyat rahbari yana bir bor “Muruvvat” MFYga tashrif buyurib, har bir qurilish tashkiloti rahbari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.
- Bu uylarning sifati, narxi arzon boʻlishi muhim, - dedi viloyat hokimi. - Qolaversa, qurilish madaniyatini ham shakllantirish kerak. Yaqin istiqbolda mazkur hududda yuzlab koʻp qavatli uylar qurish imkoni bor. Shu bois, har bir qurilish rejasini ishlab chiqishda keyingi oʻn besh, yigirma yillik taraqqiyot mezonlarini inobatga olish foydadan holi boʻlmaydi.
Xayrullo Bozorov quruvchi tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot chogʻida, qurilish ishlarini yana-da jadallashtirish, kerak boʻlsa, 2-3 smenada ish tashkil etish lozimligini taʼkidladi.
Zamonaviy massivda yangi MFY binosi, qoʻshimcha 440 oʻrinli maktab, 150 oʻrinli bolalar bogʻchasi, poliklinika, savdo majmuasi, kovorking markazi, sport kompleksi, madaniyat markazi, istirohat bogʻi singari ijtimoiy soha obyektlari qurilishiga ham kirishildi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqava suv tarmoqlari tortish, ichki yoʻllar qurilishi boʻyicha ham shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida loyiha hujjatlari tayyorlandi.
Shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida “Muruvvat” MFYga yondosh hududda 14,3 gektar maydonda “Mustaqillik” kichik sanoat zonasi, 100 gektar yerda har biri 10 sotixdan limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar barpo etilyapti. Bugungi kungacha 85 ta issiqxona bitkazilib, hududda qurib bitkazilgan uylarga koʻchib kelgan oilalarga ajratib berildi.
Hozirgi kunga qadar “Muruvvat” MFYda 5 ta koʻp qavatli uylar bitkazilib, asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga ajratildi. Uyning 1 kv. metr narxi 3,5 mln. soʻm boʻlib, ikki xonali xonadonning qiymati 140 mln. soʻm, uch xonali uy 168 mln. soʻmni tashkil etmoqda. Misol qilib aytganda, ikki xonali uyning boshlangʻich toʻlovi 21 mln. soʻm. Uy oluvchiga 10 foiz miqdorida subsidiya berilishi natijasida u atigi 7 mln. soʻm mablagʻ evaziga yangi uyga koʻchib oʻtadi.