Prezidentimiz bu yil mamlakatimiz tarixida ilk bor maktab bitiruvchilariga tabrik yoʻlladi. Bitiruvchi sifatida bu meni juda toʻlqinlantirdi va shunday buyuk yurtning aziz farzandi ekanimdan qalbimda cheksiz gʻurur-iftixor tuydim. Davlatimiz rahbari oʻz tabrigi orqali mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib, “Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar”, degani orzularimizga yana-da qanot bagʻishladi.

Buxoro azaldan ilm-maʼrifat markazi sifatida nom taratgan. Ayniqsa, soʻnggi yillarda viloyat yoshlari va oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati, erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda tez-tez eʼtirof etilyapti. Ular qatorida mening ham kamtarona intilishlarim eslanayotgani yuragimni iftixorga toʻldiradi. Bu yil maktabni bitiraman. Yuragim orzu-umidlarga toʻla. Oʻquvchilik yillarim ortda qolayotganidan bir xafa boʻlsam, katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotganimdan hayajondaman.

Maktabda oʻtgan yillarimga nazar solib, yurtimizda yoshlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtiborning samarasini oʻzim misolimda yaqqol his etyapman. Ayniqsa, keyingi yillarda erishgan yutuqlarim ustozlarim, ota-onam va yaqinlarimni xursand qildi. Jumladan, joriy yil 20-26-aprel kunlari 28 davlat oʻquvchilari oʻrtasida onlayn tarzda oʻtkazilgan kimyo fanidan 55-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida oltin medalga sazovor boʻldim. Bu xalq taʼlimi tizimidagi birinchi oltin medal hisoblanadi. Shu paytgacha qoʻlga kiritilgan oltin medallar akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari hisobiga yozilgan.

Koʻpchilik “Muvaffaqiyatga erishish uchun poytaxtdagi eng zoʻr maktablarda oʻqish kerak”, deb oʻylaydi. Men oʻzim oʻqigan maktabni manaman degan taʼlim muassasalaridan kam hisoblamayman.Prezidentimiz taʼlim-tarbiya haqida soʻz yuritganda, doim mamlakatimizning eng chekka hududida ham bilim olish uchun poytaxtdagidan kam boʻlmagan sharoit yaratish lozimligini taʼkidlaydi. Mana shunday imkoniyat biz uchun ham yaratilgan. Oʻtgan yili 54-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga saralash bosqichi yakuniy natijalariga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga qabul qilindim. Koʻp oʻtmay, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilari oʻrtasida kimyo fanidan oʻtkazilgan I Respublika onlayn olimpiadasida qatnashib, 1-darajali diplom bilan taqdirlandim. Shundan soʻng 13-18-iyul kunlari onlayn oʻtkazilgan 54-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza medalni qoʻlga kiritdim. 25-iyul kuni masofaviy oʻtkazilgan 52-Xalqaro kimyo olimpiadasida ham bronza medal bilan taqdirlandim. Bu menga dunyoning 80 mamlakatidagi oliy taʼlim muassasalaridan biriga imtiyozli oʻqishga kirish imkonini beradi. Hali maktabni bitirmay turib, talaba boʻlish imkoniyatiga egaman.

Iyul oyida Yaponiya tashkilotchiligida kimyo fanidan yana bir nufuzli xalqaro bilimlar bellashuvi oʻtkaziladi. Unda ham zafar quchib, yurtimizga oltin medal keltirmoqchiman. Kelgusida niyatlarim bisyor. Qaysi oliy taʼlim muassasasiga kirmay, maqsadim bitta — Vatanim koriga yaraydigan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan farzand boʻlish. Bu mening saxovatli yurtimga bildiradigan arzimas minnatdorligim boʻladi. Yosh avlod kamoloti yoʻlida hamma sharoitni yaratib, bizni jahonning eng rivojlangan mamlakatlari yoshlari bilan bemalol bahslasha oladigan insonlar boʻling, jonajon Oʻzbekistonimiz nomini sharaflarga burkang, deb qanot berayotgan Prezidentimiz ishonchiga farzandlik javobim boʻladi.

Firdavs SOBIROV,

Buxoro shahridagi 35-maktabning 11-sinf oʻquvchisi