Mana shunday quvonchli pallada Prezidentimizning umumtaʼlim maktablari bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigi nafaqat yoshlarga, balki ularning ota-onalari, oʻqituvchi va murabbiylariga ham koʻtarinki ruh, katta ishtiyoq bagʻishladi.
Respublikamizdagi oʻn mingdan ziyod davlat umumtaʼlim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar qatorida Namangan viloyatidagi 711 ta oʻquv maskanida ham ertamiz egalarining zamonaviy bilimlarni mukammal oʻqib oʻrganishi uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Yigirmata davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida qator davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktablari faoliyat yuritmoqda. Umumtaʼlim fanlarini puxta oʻrgatish barobarida yoshlarni har jihatdan yetuk, maʼnan va jismonan barkamol, keng tafakkurli insonlar etib tarbiyalash maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari, musiqa va sanʼat yoʻnalishidagi festivallar oʻtkazilmoqda.
Yakuniga yetayotgan oʻquv yilida viloyatimizdagi umumtaʼlim muassasalarini 36 ming 564 nafar yosh tamomlamoqda. 409 nafar bitiruvchimiz muvaffaqiyat marralarini zabt etib, muddatidan avval nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari talabaligiga qabul qilindi. Bu borada Yangiqoʻrgʻon, Mingbuloq tumanlari hamda Namangan shahri bitiruvchilari yetakchilik qildi. Oʻquvchi-yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari, musiqa va sanʼat boʻyicha festival hamda tanlovlardagi koʻplab yutuqlari haqida ham shunday raqamlarni keltirish mumkin. Bu yurtimizda yangi Oʻzbekiston istiqbolini yoshlar kamolida deb bilib, ularga beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgani, barcha shart-sharoitlar yaratilayotganidan dalolat.
2021-yilning oʻzida Investitsiya dasturi boʻyicha viloyatimizda 6 ta yangi maktab qurilmoqda. 13 ta maktabda rekonstruksiya hamda 6 ta oʻquv maskanida mukammal taʼmirlash ishlari bajarilyapti. Prezidentimizning bu yil Namanganga tashrifi chogʻida belgilangan ustuvor vazifalar asosida uchta yangi maktab bunyod etilmoqda. Yana yettita maktab rekonstruksiya, ikkita umumtaʼlim muassasasi mukammal taʼmirlanyapti. “Obod mahalla” dasturi doirasida beshta, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha yigirmata maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari jadal davom etyapti. Mazkur bunyodkorliklar uchun jami 306,4 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Yangi Oʻzbekistonning farzandlar kelajagiga gʻamxoʻrligini birgina yuqoridagi raqamlardan ham bilsa boʻladi. Ishonchimiz komilki, Prezidentimiz tabrigidan ruhlangan bitiruvchi yoshlar marrani yana-da baland oladi.
Rustamjon ISROILOV,
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi