Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib Oʻzbekiston bayrogʻini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda “Jaloliddin Manguberdi” yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sigʻimi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yoʻlovchini tashkil etadi.

Poyezd Oʻzbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga moʻljallangan.

Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent – Urganch – Xiva yoʻnalishi boʻylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.

Safar chogʻida davlatimiz rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilgʻor yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.

Yurtimizda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, tobora koʻpayib borayotgan yirik loyihalar, odamlar farovonligi va qulayligi uchun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida fikr almashildi.

Narpayga kelgach, Prezidentimiz gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Samarqandda azaldan dehqonchilik madaniyati rivoj topgan. Yer va suvdan unumli foydalanish boʻyicha tajriba katta. Narpay tumanida ham har qarich yer maydoni va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, ilgʻor agrotexnologiyalarni joriy etishga eʼtibor ortib bormoqda.

Bugun gidroponika usulida mahsulot yetishtirish amaliyotiga talab katta. “Narpay qulupnay” korxonasi ana shunday innovatsion yondashuvni amaliyotga tatbiq etib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishayotgan ilgʻor tadbirkorlik subyektlaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollarni tashkil etib, bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Mazkur issiqxonada yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda korxona “Narpay qulupnaylari” brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda. Bu esa ichki bozorni sifatli va ekologik toza mahsulotlar bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. Oʻsimlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi oʻtkazuvchi kokos qipigʻi muhitida rivojlanadi. Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni toʻgʻridan-toʻgʻri suv orqali qabul qiladi. Bu esa oʻsimlikning energiya sarfini kamaytirib, oʻsish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik anʼanaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori boʻladi.

Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. Oʻsimlik kasalliklari xavfi past boʻlgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini taʼminlashga xizmat qiladi va bugungi kun talablariga toʻliq javob beradi.

Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomgʻir suvini toʻplash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sigʻimli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni taʼminlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani taʼkidlandi. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham maʼlumot berildi.

Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qoʻshimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ko‘paytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta’kidladi.

– Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham sun’iy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham to‘ldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.