Dastlab nomzodning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili – viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Razzoqov saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov so‘zga chiqib, mamlakatda atrof-muhit holatini yaxshilash va ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish har doimgidanda dolzarb va muhim ahamiyat kasb etayotganligi, O‘zbekistonning nafaqat bugungi hayoti, balki ertangi kuni, farzandlarimiz kelajagi uchun ham atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash eng ustuvor vazifalar sirasiga kirishini alohida qayd etdi.

Nomzod saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish g‘oyasini ilgari surayotganini ta’kidladi.

– Iqtisodiyotda ikki karra energiya samaradorligiga erishish, “yashil” tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi va muqobil qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini bugun mamlakatda amal qilayotgan umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, – dedi Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov.