Namoyishlar kecha 21:30da Tojikistonning “Sinamo” telekanalidagi “Ilhaq” filmining taqdimoti bilan boshlab berildi.

Shuningdek, mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham tojik tilidagi oʻzbek filmlari namoyishlari boshlangan. Joriy yilning 19-22-may kunlari Tojikiston Respublikasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston kinosi kunlari davomida Kinematografiya agentligining bir qator filmlari tojikistonlik tomoshabinlar tomonidan koʻtarinki kayfiyatda qabul qilingan edi. Shundan soʻng, oʻzbek kinosining qoʻshni davlatdagi ixlosmandlari tomonidan filmlarni tojikchaga dublyaj qilib, taqdim etish taklifi berildi. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan ushbu filmlarni qardosh xalq televideniye va kinoteatrlarida namoyish qilinishi uchun tuhfa sifatida taqdim etildi, deya xabar qiladi Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.

Maʼlumki, Tojikistonda boʻlib oʻtgan oʻzbek kinosi kunlarida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati, taniqli oʻzbek kinosi arboblari, kinorejissyorlar, aktyorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qoʻshni mamlakatga tashrif buyurib, har ikki mamlakatning kino sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida kelishuvlarga erishilgan va “Tojikfilm” Davlat muassasasi raisi Mahmasaid Shohiyon bilan ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi. Memorandum boʻyicha ishlar tez fursatlarda boshlanib, rejisser Jahongir Axmedovning “Ilhaq” badiiy filmi, Shoxrux Rasulovning “Xalq yuragi”, Javohir Qosimovning “Abdurahmon Jomiy”, Jasur Isʼhoqovning “Yagona osmon ostida” hujjatli filmlari tojik tiliga tarjima qilinib, “Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK, “Spectre” hamda “Ezgu film” studiyalari tomonidan dublyaj qilindi.

“Tojikfilm” Davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon tuhfa qilingan ushbu filmlar ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi: “Tojikistonda boʻlib oʻtgan oʻzbek kinosi kunlari”da Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati bilan kino sanʼatining ikki mamlakat madaniy hayotida tutgan oʻrni, oʻzbek va tojik kinematografiyasini rivojlantirish boʻyicha koʻzda tutilayotgan loyihalar xususida kelishib oldik. Tadbirlarda Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyev, Tesha Moʻminov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir Saidov va boshqa isteʼdodli kinoijodkorlarning borligi tojikistonlik oʻzbek kinosi muxlislarini juda quvontirdi. Bizga tuhfa sifatida yuborilgan oʻzbek xalqining yuksak saviyadagi filmlarini kinoteatrlarimiz va televideniyelarimiz orqali albatta namoyish etamiz. Ishonamanki, ushbu filmlar ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.”