Tadbirni tashkil etishdan maqsad — Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar hamda idoralarning oʻzaro hamkorlikdagi vazifalari va ularni bajarilish holatini tahlil qilish orqali, probatsiya xizmati samaradorligini oshirish, jumladan inson huquqlarining taʼminlanishi borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
Davra suhbatida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari va Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari va OAV ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda 2020-yilda koʻrilgan jinoyat ishlarida jami mahkumlarining 74 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turlari qoʻllanilgan. Bu esa oʻz navbatida tashkil etilganiga uncha koʻp muddat boʻlmagan Probatsiya xizmati xodimlarining ish yuklamasi muntazam ravishda ortib borayotganini koʻrsatadi.
Probatsiya xizmatining asosiy vazifasi bu-jinoyat koʻchasiga kirib qolgan shaxsni tarbiyalash, uni jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashtirishdan iborat.
Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari bilan hamkorlikda nazorat ostidagi shaxslarni ish bilan taʼminlash maqsadida 655 marotaba “Ishga marhamat” tadbirlari tashkil etilib, 6 000 nafardan ortiq nazoratdagilarga ishga yoʻllanmalar berilgan boʻlsa, ularning 4 900 ga yaqini ish bilan taʼminlangan.
Muayyan kasbga ega boʻlmagan 2 400 nafardan ortiq nazorat ostidagilardan 2 mingga yaqini kasbga yoʻnaltirish boʻyicha oʻqishga yuborilgan boʻlsa, qolgan nazoratdagilar kasbga oʻqitilgan. Jumladan, haydovchilikka, qurilish sohasiga, maishiy xizmat koʻrsatish sohasiga, obodonlashtirish va hokazo.
Bundan tashqari, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostida turgan shaxslar orasida tadbirkorlik yoki muayyan foydali mehnat faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlganlarga huquqiy va boshqa masalalarda maslahatlar berilib, ularga isteʼmol kreditlari ajratilishida har tomonlama koʻmak berilyapti.
Amalga oshirilgan qator ijobiy ishlarga qaramasdan, afsuski, oʻtgan 2020-yil davomida nazorat ostidagi shaxslar orasida tayinlangan jazoni oʻtashdan qasdan boʻyin tovlab, qonunlarimizga itoatkorona munosabatda boʻlmagan shaxslarning oʻtalmay qolgan jazo muddatlarini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish kabi holatlar ham uchrayapti.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbir ishtirokchilari Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlikda samarali tashkil etish borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, davra suhbati doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati oʻrtasida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.