Professional taʼlim sohasiga — 162 million dollar

    Moliya 7 Fevral 2022 966

    Vazirlar Mahkamasining 02.02.2022-yildagi “Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlarini jalb qilish orqali “Zamonaviy iqtisodiyot uchun koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 51-sonli qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan loyihaning TIA, shuningdek asosiy qarzni qaytarish, foizlarni toʻlashning prognoz jadvali tasdiqlandi. “Zamonaviy iqtisodiyot uchun koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasining umumiy qiymati 162 million dollar, shu jumladan:

    - 93 million dollar — Osiyo taraqqiyot banki oldidagi qarz;

    - 69 million dollar — loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushini tashkil etadi, bunda:

    - 20,490 million dollar –Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 14 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 6 ta professional taʼlim muassasalarida qurilish-montaj ishlarini, jumladan, binolar va asbob-uskunalarni saqlab turish va ularga texnik xizmat koʻrsatishni moliyalashtirishga;

    - 15,603 million dollar – soliq (QQS va aksiz soligʻidan tashqari) va bojxona imtiyozlarini berish hamda QQSni qoplashga;

    - 4 250 million – oʻrnatilgan asbob-uskunalar va jihozlarga texnik xizmat koʻrsatish qiymati, konsalting xizmatlari va mehnat resurslari bilan bogʻliq xarajatlarga;

    - 18,0 million dollar– loyihaga jalb etilgan oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash xarajatlariga;

    - 5,328 million dollar – investitsiyalash davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlashga;

    - 5,328 million dollar– kutilmagan xarajatlarni toʻlashga yoʻnaltiriladi.

    Loyihani amalga oshirish muddati 5 yilni tashkil etadi (2022-2026-yillar).

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qarz mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi hamda loyihaning amalga oshirilishi, shuningdek, loyiha doirasidagi tadbirlarni umumiy muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻz tizimidagi muassasalarda loyihani amalga oshirish boʻyicha masʼul organ hisoblanadi.

    Loyihaga kiritilgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish, jumladan, energiya samaradorligini oshirish maqsadida isitish tizimini yangilash, shuningdek, loyiha doirasidagi binolar va asbob-uskunalardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Osiyo taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, ular boʻyicha foizlar va majburiyat boʻyicha boshqa toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 03.02.2022-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.