Loyiha 2024–2028-yillarga moʻljallangan boʻlib, unda Germaniya tajribasi asosida konchilik, arxitektura-qurilish, energetika, yengil sanoat, transport va kommunal xizmat kabi yoʻnalishlarda mehnat bozori uchun malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichda 8 ta professional taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mehnat bozori uchun raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi va keyingi bosqichlarda yana 6 ta professional taʼlim muassasalari loyihaga jalb etiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida professional taʼlim dasturlari qayta koʻrib chiqiladi va yangi metodik taʼminoti yaratiladi, pedagoglarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi takomillashtiriladi, nemis tilini oʻqitish va sertifikatlash (til va kasbiy koʻnikma) yoʻlga qoʻyiladi hamda Germaniya tajribasi asosida tanlangan yoʻnalishlar boʻyicha dual taʼlimda oʻqitishning yangi metodikasi yaratiladi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.